Breaking News

Putin va Poroshenko mojaroga yakun yasay oladimi?


Ukraina prezident Petro Poroshenko (chapda) va Rossiya president Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushida ikkinchi front ochilgan kunning 70 yilligi munosabati bilan Fransiyada o'tkazilgan tadbirda, 6-iyun, 2014-yil
Ukraina prezident Petro Poroshenko (chapda) va Rossiya president Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushida ikkinchi front ochilgan kunning 70 yilligi munosabati bilan Fransiyada o'tkazilgan tadbirda, 6-iyun, 2014-yil

Kelasi hafta Ukraina va Rossiya prezidentlari hamda Yevropa Ittifoqi vakillari Minskda uchrashib, Ukraina sharqidagi mojaroni hal etish yo’llari xususida fikr almashadi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Ukraina armiyasining shu kunlarda qo’li baland kelmoqda.

20-avgust kuni Ukraina hukumati sharqdagi Lugansk shahriga qo’shimcha kuchlar tashlagan. Donetsk ham harbiylar tomonidan qurshalmoqda. Isyonchilarga qarshi janglar shiddatli kechyapti. Hammadan alanga ichida qolgan aholiga qiyin. Ayrimlari qaysi davlatda yashasak ham tinchlik bo’lsin, deydi.

"Murosa qilib, kelishish kerak. Agar Rossiya bizni o’ziga qo’shishni istamasa, ikki o’q o’rtasida qolishni xohlamayman. Bombalar ostida qoldik. Men Rossiyani ham, Ukrainani ham qo’llab-quvvatlayman. Lekin agar Rossiyaga kerak bo’lmasak, Ukrainaga qo’shilganimiz ma’qul", - deydi donetsklik bir odam.

Agar Ukraina va Rossiya prezidentlari Minskdagi muloqot chog’ida kelisha olsa, tinchlikka zamin yaratiladi. Biroq Vladimir Putinning aqlida nima borligini bilish qiyin, deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Uilyam Teylor.

"Uning ishiga qarab baho berishimiz mumkin, xolos. Shu paytgacha Putin bizni, xalqaro hamjamiyatni, dunyoni, rossiyaliklarni aldab keldi", - deydi sobiq diplomat.

Teylor hozir Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida tahlilchi bo’lib ishlaydi. Uning aytishicha, Ukraina armiyasining sharqda qo’li baland kelmoqda, demak muloqotdan oldin prezident Petro Poroshenkoning Putinga qaraganda pozitsiyasi kuchliroq.

"Putinning kuchlari mag’lub bo’lyapti. Ularni siqishmoqda, ba’zilari qochyapti. Ukraina sharqidagi ruslarning ayrimlari kiyimini almashtirib, Rossiyaga qarab qochyapti. Putinning pozitsiyasi juda zaif. Endi esa u Poroshenko bilan yevropalik vakillar oldida uchrashmoqchi. Taklif Putindan tushgan, demak u pozitsiyasi zaif ekanini anglaganini ko’rish mumkin", - deydi Uilyam Teylor.

Rossiyaning Qrimni o’ziga qo’shib olgani va sharqdagi ixtilofga aralashayotgani bu davlatning yillar davomida qiyinchilik bilan qozonilgan obro’siga putur yetkazdi, deydi u.

"Menimcha, Rossiya xalqaro hamjamiyat ishonchini yo’qotdi. U bilan shunga yarasha muomala qilish kerak endi. Jinoyatchi kabi", - deydi sobiq elchi.

Teylorning aytishicha, Ukraina oldida turgan eng muhim vazifa bu sharqda rossiyaparast kuchlar qarshiligini bostirib, Rossiya bilan chegarani mustahkamlash.

Shundan so’ng Kiyev barcha ukrainaliklar manfaatiga xizmat qiluvchi demokratik islohotlarni amalga oshirishi, xorijiy sarmoyalar uchun sog’lom muhit yaratishi lozim. Ukraina bu ishlarda muvaffaqiyatga erishishi uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi unga yordam berishi kerak, deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Uilyam Teylor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG