Breaking News

Rossiya Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiya bilan to'qnashishi mumkinmi?


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Rossiyaning Suriyadagi harakatlari natijasida AQShdan madad olib "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan kuchlar bilan to'qnashish ehtimoli kuchayadi. Kerrining bu so'zlarini Italiyaning "La Stampa" gazetasi keltiradi.

Kerriga ko'ra, u bu tashvishlarini Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga bildirgan.

Qo'shma Shtatlar Rossiyaning Bashar Assad hukumatiga harbiy ko'mak berayotganidan xavotirda.

"Bu bilan mojaro yanada kuchayishi, begunoh insonlar nobud bo'lishi, qochqinlar oqimi oshishi, Suriya ichida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan kuchlar bilan to'qnashuv ehtimoli kuchayishi mumkin", - dedi Kerri italyan gazetasiga.

Lavrovning aytishicha esa, AQSh Rossiyaning Suriyada Assad hukumatini qo'llab-quvvatlash siyosatini qabul qila boshlagan.

"Amerikaliklar so'nggi bir necha yildan beri keltirayotgan dalillarimizni tobora ko'proq tushunayotgan ko'rinadi", - deydi Lavrov Rossiyaning "RIA Novosti" agentligiga.

O'tgan juma kuni AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter rossiyalik hamkasbi Sergey Shoyguga qo'ng'iroq qilgani bundan dalolat, deydi rossiyalik kuzatuvchilar.

AQSh ma'lumotiga ko'ra, Rossiya Suriyaning Latakiya shahri yonidagi harbiy aerodromga 28 ta ilg'or jangovar samolyot yetkazgan.

"AQSh harbiy ekspertlarining aytishicha, bu samolyotlarning vazifasi u yerga safarbar etilgan rossiyalik qo'shinlar va inshootlarni himoya qilish", - deydi Kerri.

Ayrim xabarlarga ko'ra, Rossiya Latakiya yaqinidagi boshqa ikki harbiy bazada qurilish ishlari olib bormoqda. U yerga ko'p sonli qo'shinlar yuborilishi mumkinligi faraz qilinmoqda.

Suriyaning Rossiyadagi elchisi Riyod Haddodning aytishicha, Rossiya o'z harakatlarini Suriya hukumati bilan muvofiqlashtirmoqda.

"Rossiya Federatsiyasining har qanday tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaymiz. Chunki uning harakatlari yurtimizda terrorga qarshi qaratilgan", - deydi elchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG