Breaking News

Iqlim o’zgarishi oqibatlari Rossiya Arktikasida namoyon bo'lmoqda


O’tgan oy Arktikaning Rossiyaga qarashli qismida rezervuardan salkam 20 ming tonna yonilg’i to’kilib, katta qismi ikkita daryoga tushdi, 6 ming tonnasini esa yer shimib oldi.

Atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi siyosatchilar ofatni borib ko’rgandan so’ng uning ko’lami mislsiz ekanini aytdi.

“Bu shunchaki ekologik fojia ma’nosidagi hodisa emas. Daryo ustidan kilometrlab uchsangiz, suv rangi mutlaq o’zgarganini ko’rasiz”, - deydi “Rossiya Yashillari” ekologik platformasi rahbari, Krasnoyarsk o’lkasi deputati Sergey Shaxmatov.

O’lkadagi issiqlik elektr stansiyasiga egalik qiluvchi “Norilsk Nikel” kompaniyasi ushbu fojiaga aloqador ekani aytilmoqda. “Nornikel” tozalash ishlari bo’yicha barcha xarajatlarni o’z zimmasiga olishini bildirdi, biroq fojiaga iqlim o’zgarishi sabab bo’lganini da’vo qilmoqda.

So’nggi yillarda Arktikada harorat sayyoramizning qolgan qismlariga qaraganda ikki baravar tez ko’tarilib, Norilsk shahrida muzlab turgan yer eridi.

Rossiya neft va gaz infratuzilmasining muhim qismi asosan shimolda ekan, ba’zilar Norilsk hodisasi yagona ekologik fojia bo’lmasligini, kelajakdagi boshqa voqealardan darakchi ekanini aytmoqda.

“Abadiy muzlikning erishi iqlim o’zgarishining oqibati bo’lib, bizdan yangi sharoitga moslashishni talab qilmoqda. Bunga ajablangandek ko’rinishimizga hojat yo’q”, - deydi “Grinpis” tashkilotining Rossiyadagi vakili Vasiliy Yablokov.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Krasnoyarsk o’lkasi rahbariyatini fojiaga kech munosabat bildirganlikda aybladi.

“Nega davlat idoralari hodisadan ikki kun o’tib xabar topyapti? Favqulodda vaziyatlar haqida endi ijtimoiy sahifalardan xabardor bo’lamizmi?” - dedi Putin.

Arktikada neft to’kilishi yuzasidan jinoiy ish qo’zg’atilgan, elektrostansiya rahbariyati hibsga olingan, Norilsk shahar meri beparvolikda ayblanmoqda.

“Ekspert xulosalariga ko’ra, neft rezervuari sanoat xavfsizligi talablariga javob bermagan”, - dedi Tergov qo’mitasi so’zlovchisi Svetlana Petrenko.

Atrof-muhit muhofazachilari avariya oqibatlarini bartaraf etishdagi xatolarda Kremlning yuqoridan pastga yo’naltirilgan boshqaruv tizimini ayblamoqda. Bunday tizimda hech kim shum xabarni yetkazishga jur’at eta olmaydi.

“Mahalliy rahbarlar yuqoridagilarni voqeadan xabardor qilishdan qo’rqadi. Hodisa ro’y bergan mahal bunday harakatlarining oqibatlari haqida o’ylashmaydi. Hech kim ishidan ayrilgisi kelmaydi”, - deydi “Bellona” ekologik huquqiy markazning Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Andrey Zolotkov.

Hozir hamma diqqat tozalash ishlariga, to’kilgan yonilg’ining kattaroq daryoga va hatto Shimoliy Muz okeaniga tushishining oldini olishga qaratilgan.

Ushbu hodisaning suvdagi tabiatga zarari hali ko’p yillar aks-sado beradi. Biroq bu tabiiy resurslarga boy Arktika mintaqasida yerosti boyliklarini qazish ishlaridan hech kimni qaytarmasligi taxmin qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG