Breaking News

Rossiya hukumatining muxolifatga bosimi kuchaymoqda


Aleksey Navalniyning Instagramdagi sahifasidan

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning Germaniyadan qaytib, sud qarori bilan 2,5 yilga qamalganiga 1,5 oy bo’ldi. Ayni paytda u Moskvadan 83 kilometr narida joylashgan Vladimir oblastidagi koloniyada jazo muddatini o’tamoqda.

Xalqaro hayot – 17-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:00 0:00

Kreml tanqidchilariga ko’ra, hukumat muxolifatchilar va siyosiy o’zgarishlarni talab qilayotgan odamlarga turli yo’llar bilan bosim qo’ymoqda.

Yaqinda bir necha muxolif nomzod va shahar kengashi deputatlari Moskvada to’planib, kuzgi saylov strategiyasini muhokama qildi.

Muxolif faollar “Kreml olg’a surayotgan nomzodlar va uning siyosiy apparatini yengish uchun nima qilish kerak” degan savolga javob topishga ulgurmadi. Politsiya tadbir 2017-yilda faoliyati man qilingan xorijiy nodavlat tashkilotiga aloqador ekaniga ishora qilib, ishtirokchilarni hibsga oldi.

“So’nggi paytda mamlakatimizda bo’layotgan voqealarga yozuvchi Frans Kafka hasad qilgan bo’lardi. Bularni o’ylab topish uchun unga bu qadar tasavvur yetishmas edi”, - deydi muxolif siyosatchi Vladimir Kara-Murza.

Kreml raqiblarini saylovga yaqinlatmaslik, ko’chaga chiqarmaslik uchun qo’rquvni ishga solmoqda, deydi ayrimlar.

Navalniyning hibsga olinishi ketidan uyushtirilgan namoyishlar paytida minglab odam hibsga olindi, oila a’zolari bundan bexabar qoldi.

“Hech qanday ma’lumot ololmadim. Qo’ng’iroq qilsam, hech narsa aytishmaydi. Yarim tunda erimning qamoqxonada ekanini bildim”, - deydi bir namoyishchining rafiqasi.

Ko’cha namoyishlarida qatnashganlarning ba’zilari ishsiz qoldi.

“Sud boshlanishidan oldin mashina ichida o’tiruvdik. Shu payt ishdan haydalganimni o’qib qoldim”, - deydi teatr rejissori Artyom Nazarov.

Hukumatning do’q-po’pisalari natijasida Navalniy tarafdorlari ko’cha namoyishlarida bahorgacha tanaffus e’lon qilishga qaror qildi.

“Har hafta namoyish qiladigan bo’lsak, minglab odam hibsga olinadi, yuzlab kishi kaltaklanadi”, - deydi Navalniy shtabi rahbari Leonid Volkov.

Muxolifat xalqaro hamjamiyatni Kremlga bosim qo’yishga chaqirmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi Navalniyni ozod etishni talab qildi, Rossiyaning ayrim yuqori lavozimli amaldorlarini qora ro’yxatga kiritdi. Ammo kuzatuchilar nazarida, bunday choralar bilan Kreml fikrini o’zgartirib bo’lmaydi.

“Samarasiz choralar. Mamlakatda o’zgarishlarga turtki beruvchi sanksiyalar bormikan o’zi? Hozirgi sanksiyalardan bir foyda shuki, Kreml bo’layotgan voqealar e’tiborsiz qolmayotganini ko’rmoqda”, - deydi Chikago universitetida iqtisodchi Konstantin Sonin.

Rossiya hukumati Navalniyning poraxo’r amaldorlarga hujumlarini ham, uning Rossiya va xorijda oshib borayotgan obro’sini ham ko’rmoqda. Shuncha yillardan beri Navalniyni siyosiy jihatdan ahamiyatsiz qilib ko’rsatishga intilgan Kreml endi uni butunlay ko’zi oldidan olishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG