Breaking News

Navalniy Moskva saylovlaridan so'ng qamalishi mumkin


Rossiya namoyishlar
Rossiya namoyishlar
Rossiyada namoyishlar ancha susayib, Vladimir Putin yana besh yilga prezidentlikka saylandi. Muxolifat esa tarqoq va zaif.

O’tgan yili Aleksey Navalniy prezident Vladimir Putinga qarshi namoyishlarni uyushtirgan edi. Bu yili esa Putin qarshi chora ko’rdi. Navalniy yog’och o’g’irlaganlik aybi bilan sudlandi.

Ikki hafta oldin sud hukm chiqarib, unga besh yil qamoq jazosi belgiladi. Rossiya muxolifati keyingi saylovlargacha eng taniqli yetakchisidan ayrildi.

Hukmning ertasi Navalniyni Moskva meri uchun saylovda qatnashish maqsadida ozod etdilar.

Karnegi jamg’armasining Moskvadagi bo’limi tahlilchisi Liliya Shevsovaning aytishicha, hukumat Moskva meri saylovlari halol ko’rinsin, deb shunaqa qildi.

"Sergey Sobyaninning qayta saylanganiga e’tiroz bo’lmasin, saylovda muxolifatdan nomzod qatnashgani ko’rinsin deb, shunday yo’l tutishdi", - deydi ekspert.

Ilgari Putin mahkamasini boshqargan Sobyanin uch yil oldin merlikka tayinlangan edi. Endi esa 8-sentabrda bo’ladigan saylovlarda mavqeini kuchaytirmoqchi.

Moskvada katta o’zgarishlarga qo’l urgan hokimni qo’llab-quvvatlayotganlar ko’p.

Advokat Vagan Davidyansning aytishicha, Sobyanin rejalagan ishlarini oxirigacha yetkazish uchun unga 4-5 yil muhlat berish kerak, chunki ikki yil kamlik qiladi.

"Men unga ovoz beraman", - deydi huquqshunos.

Har kuni Moskva ko’chalari bo’ylab velosipedda odam tashib, kun ko’ruvchi Yuliya Zuyevaning aytishicha, o’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanadi.

"U oldingi hokimlik qilgan shahrida ko’p ishlarni uddalagan. Moskvaga kelib ham rejalarini amalga oshirmoqda", - deydi u.

Biroq boshqalar nazarida siyosatga o’zgarish kiritish lozim. Sement yotqizishdan ham muhimroq masalalar bor, deydi ular.

Mariya ismli juvon Navalniyga ovoz berishini aytadi.

"Men uni haqiqiy, samimiy inson deb bilaman", - deydi u.

Kompyuter sohasi bo’yicha mutaxassis Igor Tarasov Navalniy kampaniyasi paytida tashviqiy varaqalar tarqatgan.

"U menga yoqadi. Boshqa nomzodlardan ko’ra ochiqroq. U hokim bo’lsa, shahar ma’muriyati ancha demokratik, G’arbga moyil bo’ladi", - deydi Tarasov.

Hozirgi Rossiyada eski odatdan qutulish oson emas. Tahlilchilar nazarida Kreml saylovlardan keyin Navalniyni qamoqqa tashlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG