Rossiya samolyoti pilot xatosi yoki texnik nosozlik tufayli qulagan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Aviahalokatda qurbon bo'lganlar xotirlanmoqda, Moskva, 25-dekabr, 2016-yil

Dushanba - Rossiyada motam kuni. Mamlakat yakshanba kuni Sochi yonida aviahalokatda halok bo'lganlarni xotirlamoqda.

Rossiya rasmiylariga ko'ra, 92 odamning yostig'ini quritgani aytilayotgan fojia tergov qilinmoqda. Asosan ikkita taxmin bildirilmoqda - uchuvchining xatosi yoki samolyotning texnik nosozligi. Biroq terror xuruji ehtimoli ham tekshirilmoqda.

"Halokatga yetaklashi mumkin bo'lgan har bir ehtimol ko'rib chiqilaypti", - deydi Rossiya Transport vaziri Maksim Sokolov.

Sochidan havoga ko'tarilgan samolyot bir necha daqiqadan so'ng Qora dengizga qulagan. Aleksandrov nomidagi harbiy xor a'zolari, bir nechta rossiyalik jurnalist hamda Doktor Liza nomi bilan tanilgan shifokor Yelizaveta Glinka ham shu samolyotda bo'lgan.

Mudofaa vazirligi so'zlovchisi general-mayor Konashenkovning aytishicha, samolyot dispetcherga halokat signali yubormagan, uchuvchi esa yuqori malakali bo'lgan.

Ayni damda 3000 dan ziyod qutqaruvchi, 100 dan ziyod akvalangist 32 ta kemada omon qolganlarni qidirmoqda. Hozircha 13 odamning jasadi topilgan. Tadbirga vertolyotlar va dronlar ham jalb etilgan.

Prezident Vladimir Putin dushanbani motam kuni deb e'lon qildi.

Aleksandrov ansambli Suriyaning Latakiya shahridagi Xmeymim aviabazasida joylashgan rossiyalik harbiylarga Yangi yil konsertini taqdim etishni ko'zlagan edi, Doktor Liza esa Suriyadagi kasalxonaga dori-darmon olib ketayotgan edi.

Suriya Prezidenti Bashar Assad va boshqa davlat rahbarlari samolyot halokati yuzasidan Putinga hamdardlik bildirdi. AQShning Moskvadagi elchixonasi ham ta'ziyanoma bitilgan bayonot chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG