Breaking News

Liviyada suriyaliklar Rossiya puliga jang qilayotgan bo’lishi mumkin


Liviyaning Tripoli shahri
Liviyaning Tripoli shahri

Suriya muxolifatiga aloqador besh odamning da’vo qilishicha, Rossiyaga qarashli “Vagner guruhi” deb nomlanuvchi xususiy harbiy pudratchi kompaniyasi Liviyada hukumat kuchlariga qarshi jang qilayotgan feldmarshal Xalifa Haftar armiyasiga suriyaliklarni yollashda yordam bermoqda. Ushbu manbalarning “Reyter” axborot agentligiga aytishicha, may oyida yuzlab odam Haftar qo’shinlariga qo’shilgan.

Suriya muxolifatining ikki rasmiysi bergan ma’lumotga ko’ra, “Vagner guruhi” Rossiya harbiylari nazorati ostida ish ko’rmoqda. Guruhning bir sobiq rasmiysi deydiki, suriyaliklar Liviyaga ilk bor 2019-yilda yuborilgan.

“Reyter” masalaga oydinlik kiritish uchun Rossiya Mudofaa vazirligi va “Vagner guruhi”ga murojaat qilgan, ammo savollari javobsiz qolgan.

Turkiya Haftarga raqib tomon – Milliy birlik hukumati (MBH) tarafida jang qilayotganini tan oladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning fevral oyida aytishicha, Liviyaga nafaqat turk qo’shinlari, balki Turkiya qo’llab-quvvatlayotgan, Suriya hukumatiga raqib "Ozod Suriya armiyasi" jangchilari ham safarbar etilgan. Anqara Milliy birlik hukumati bilan dengiz chegaralari xususida kelishib, mintaqadagi manfaatlarini himoya qilayotganini bildiradi.

Rossiya Suriya Prezidenti Bashar Assad hukumatini qo’llab-quvvatlarkan, unga qarshi bosh ko’targan kuchlarni bostirishda yordam bermoqda. Ayrim mutaxassislar fikricha, Rossiya bu bilan O’rta dengizdan sharqda joylashgan mintaqada ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda.

Misr va Birlashgan Arab Amirliklari ham feldmarshal Haftar tomonida, chunki ular Liviya MBHni o’zlariga dushman deb bilgan “Musulmon birodarlar” guruhiga aloqadorlikda gumon qiladi.

Rossiya va Turkiyaning Liviyada qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlashi bu mamlakatlarning Suriyadagi raqobatiga borib taqaladi. Erdog’an Assadning hokimiyatdan ketishini talab qilarkan, unga qarshi kuchlarga moliyaviy va harbiy yordam berib keladi. Mutaxassislar Rossiya-Turkiya raqobati mintaqada to’qnashuvga olib kelishi mumkinligini taxmin qiladi.

“Bu ikki mamlakat Liviyada qo’shin va qurollarini ko’paytirmoqda”, - deydi AQShdagi Oklaxoma universitetining Yaqin Sharqni o’rganish markazi rahbari Joshua Landis.

Unga ko’ra, Rossiya Turkiya kabi Liviyaga suriyalik yollanma jangchilarni yuborishga harakat qilyapti.

“Reyter” axborot agentligi may oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tayyorlagan maxfiy hisobot bilan tanishib chiqib, “Vagner guruhi” Liviyaga 1200 odamni jo’natganidan boxabar bo’lgan. Rossiya hukumati Liviyada qo’shinlari borligini inkor etib keladi.

Prezident Vladimir Putin yanvar oyida shu mavzuda berilgan savolga "Liviyada rossiyaliklar bo’lsa ham ularning davlatga aloqasi yo’q" deb javob bergan edi.

Haftar yetakchiligidagi Liviya Milliy armiyasi safida suriyaliklar borligini inkor etgan holda qarshi taraf saflarida suriyaliklar jang qilayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

AQSh rasmiylarining 7-may kuni aytishicha, Rossiya Assad bilan hamkorlikda jangchilar va qurollarni Liviyaga ko’chirmoqda.

Suriya hukumatining Axborot vazirligi ham “Reyter” savollarini javobsiz qoldirgan.

Turkiya o’z navbatida Milliy birlik hukumatini harbiy dronlar, havo mudofaasi tizimlari va maslahatchilar bilan ta’minlagan.

Liviya mudofaa vaziri o’rinbosari Solih Namrushning aytishicha, xorijiy davlatlarning Liviya ichki ishlariga aralashuvi tufayli MBH harbiy yordam uchun murojaat etishga majbur bo’lgan.

“Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va boshqa mamlakatlar tomonidan tinch aholining qirilishiga va vayronagarchiliklarga barham berishda Turkiya bizga yordamlashishga rozi bo’lgan yagona mamlakat bo’ldi”, - dedi u.

Suriya muxolifatidagi manbalarning aytishicha, “Vagner guruhi” yordamida Haftar qo’shinlariga qo’shilgan suriyalik yangi jangchilarning 300 nafari Himsdan bo’lib, ba’zilari oldin Assad hukumatiga raqib "Ozod Suriya armiyasi"da xizmat qilgan. Yana 320 ga yaqin odam Suriya janubi-g’arbidan ekani aytilmoqda.

Suriyada mojaro susayib, Liviyada to’qnashuvlar kuchaygani sari jangchi yollash sur’ati oshgan.

Londondan turib Suriyadagi vaziyatni yorituvchi bir kishilik “Suriya Inson huquqlari observatoriyasi” tashkilotiga ko’ra, may oyida Rossiya Liviyada jang qilish uchun 900 dan ziyod suriyalikni yollagan.

Jangchilarni Liviyaga tashlashdan oldin ularni Himsdagi bazada tayyorlashadi, bir oyda 1000 dollardan 2000 dollargacha maosh to’lashadi, deydi ba’zi manbalar.

Xorijiy jangchilarni Liviyaga yuborish BMTning Liviyaga qo’yilgan qurol embargosiga xilof bo’lib, BMTning Liviya bo’yicha maxsus vakili 19-may kuni Xavfsizlik Kengashini qurol, harbiy texnika va yollanma kuchlarning Liviyaga oqimini to’xtatishga chaqirdi.

Suriya armiyasi va Rossiya qurolli kuchlari qo’lga kiritgan hududlarda davlatga sadoqat bildirib, maxsus shartnoma imzolagan sobiq isyonchilarga uylarida qolishga ruxsat berilgan, biroq ularning harakatlanishi qattiq kuzatib boriladi.

2014-yilda NATO kuchlarining Liviyaga hujumi ketidan Muammar Qaddafiy tuzumi ag’darilib, mamlakat ikkiga bo’lindi - poytaxt Tripolida Milliy birlik hukumati, Bing’ozida esa Haftar hukumati o’rnashgan.

Haftar armiyasi 14 oy davom etgan hujumlarga qaramay, Tripoli mudofaasini yorib o’ta olmadi. O’tgan juma kuni MBHga sodiq kuchlar Tripoli atrofida Haftar ishg’ol qilgan hududlarning so’nggisini qaytarishga muvaffaq bo’ldi.

Erdog’an Liviya hukumatiga yordamni oshirishga va’da berdi. Shanba kuni Haftar Misrga borib, Prezident Abdul Fattoh Sissiy bilan ko’rishgan va yangi tinchlik rejasini e’lon qilgan.

O’tgan yili zabt etilgan hududlarning boy berilishi oqibatida Liviya shimoli-g’arbiy qismidagi hududlarning katta qismi MBH nazoratiga o’tdi. Shunga qaramay, feldmarshal mamlakatning sharqiy qismini, janubdagi hududlarning katta bo’lagini va aksariyat neft konlarini nazorat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG