Qizil inqilobdan 100 yil o'tib, buyuk imperiya - nozik mavzu

  • Amerika Ovozi

Bolsheviklar yetakchisi Vladimir Ilich Lenin haykali, Sank-Peterburg

Rossiyada podsho ag’darilib, bolsheviklar inqilob qilganiga bu yil bir asr to’ladi. Kommunizmga asoslangan yangi tuzum, 1922-yilda vujudga kelgan Sovet Ittifoqi 70 yilga yaqin hukmronlik qilib, 1991-yilda tarqab ketdi. Oradan shuncha vaqt o’tganiga qaramay Rossiyada hamon imperiya orzusi va monarxiya nashidasi bilan yashayotganlar ko’p.

1917-yilda Petrograd (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida misli ko’rilmagan voqealar yuz bergan. Ko’p qon to’kilgan. O’tish davri bag’oyat murakkab jarayon bo’lgan. Shafqatsizlik, qo’poruvchilik keng tarqalgan illatlar edi. Inqilobning beshinchi yilida Sovet Ittifoqi degan davlat paydo bo’lgan.

Bolsheviklar podshodan to’ygan ishchi-mehnatkashlar bo’lgan. Ular adolat talabi bilan chiqqan. Yakkahokimlikka qarshi bosh ko’targan.

“Birinchi jahon urushining uchinchi yili… Ocharchilik, imkoniyatsizlik davri. Ko’pchilik azob-uqubatda yashayotgan paytlar”, - deydi Igor Savrasov, Kirov fabrikasi muzeyi rahbari.

Boylar, zodagonlarning ko’pi chet elga qochgan. Ayrimlari keyinroq qaytib kelgan.

“Sovet armiyasida xizmat qilganman. Sovet tuzumi farzandiman. Oilamizda vatan tushunchasi chuqur edi. Nima bo’lsa ham u bilanmiz, derdik”, - deydi Ivan Artsishevskiy. oxirgi podsho oilasini qayta dafn etishda qatnashgan insonlardan.

Bolsheviklar qatl etgan Romanovlar 2000-yilda oqlangan.

Ajdodlari oqsuyaklar ekanini da’vo qiluvchi Ivan katta o’qituvchi.

“Sovet davrida, mustabid sistema sharofati bilan, bizning naslimiz qirilib ketgan hisob. Buyuk rus xalqi barbod bo’ldi. Endilikda xatolarni tuzatish payti keldi”, - deydi u.

100 yil o’tib, Rossiya imperiyasini tiklash, Romanovlar merosini tan olish, ajdodlarga rasman maqom berish singari takliflar muhokamada.

“Monarxiya – o’tmishimiz. Uni e’zozlash kerak. Rossiya uchun bunday tuzum tabiiy talab deb bilamiz. Azaldan shunday boshqarilganmiz. Rossiya ming yildan oshiq davr mobaynida podsholar ostida yashagan. Qizil inqilob cheksiz musibat keltirgan. Ungacha boshqacha edik”, - deydi Rossiya imperial merosi markazi rahbari Aleksandr Zakatov.

Zakatov singari fikrlaydiganlar serob. Podsholar haqida bugun filmlar ko’p. Buyuk rus o’tmishi, madaniyati, o’zligi targ’ib qilinmoqda.

Zakatov hozirgi Rossiya hech qachon monarxiyaga aylanmasligini biladi va tan oladi. Lekin tarixiy faktlarga ko’z yummaslik kerak, deydi u.

1917-yilgi inqilobning bir asri tantana qilinar ekan, asosiy e’tibor siyosiy merosda, ya’ni Sovet Ittifoqidek yangi imperiyani vujudga keltirgan kuchlar, omillar va kommunist tuzum parchalanib ketishiga yetaklagan sabablarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG