Rus inqilobining 100 yilligi bayrammi yoxud fojia?

  • Amerika Ovozi

"Avrora" kreyseri - Oktabr inqilobining ramzlaridan

Bu yil Rossiyada Oktabr inqilobiga 100 yil to’ladi. Bolsheviklar Petrograddagi muvaqqat hukumatni ag’darib, hokimiyatni qo’lga oladi va Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqiga asos soladi.

7-noyabr Sovet davrida eng muhim bayramlardan biri bo’lgan. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Rossiyada rus inqilobiga munosabat o’zgargan, ayrimlar uni davlat to’ntairishi sifatida ham ko’radi.

Oktabr inqilobi haqidagi Sovet filmlarida muvaqqat hukumat o’tirgan Qishki saroyning olinishi bo’rttirib ko’rsatilgan.

“Filmlarda ko’plab odamlarning darvoza osha saroydan qochayotganini, bolsheviklarning esa hujum qilayotganini ko’rish mumkin. Aslida bunday bo’lmagan”, - deydi Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji xodimi Yelena Salomaxa.

Saroydagilar bolsheviklarga qattiq qarshilik ko’rsatmagan, fevral oyida hokimiyatga kelgan muvaqqat hukumat a’zolari hibsga olinadi.

“Bolsheviklarning o’zi voqealarni eng boshidan to’ntarish deb atagan. “Inqilob” so’zi ancha keyin qo’llana boshlagan. Fevral inqilobi, Oktabr to’ntarishi degan atamalar hozir yana qo’llanmoqda”, - deydi mutaxassis.

Bolsheviklar keyinchalik podshoh Nikolay Ikkinchi va uning oilasini qatl etadi. Bugun Rossiyada ayrimlar bolsheviklarni qoralaydi.

“Ular o’z mafkurasiga ega edi va hokimiyatni qo’lga olishni maqsad qilgandi”, - deydi Smolniy tarix va xotira muzeyi direktori Nikolay Tretyakov.

Tanqidchilar Bolsheviklar tuzgan kommunistik tuzum tenglikni ta’minlaganini tan oladi, ammo bu yo’lda ko’p qon to’kilganini ta’kidlaydi.

“Sovet hukumatining 20-asrda erishgan salmoqli yutuqlariga ko’z yuma olmaymiz. Tarixning fojiali sahifalari bilan bir qatorda ilm-fanning yuksalganini, madaniyat va san’atning rivojlanganini, xalqaro siyosatdagi yutuqlarni ham tan olish kerak”, - deydi Rossiya Davlat siyosiy muzeyi xodimi Sergey Spiridonov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG