Breaking News

Rossiya sanksiyalari Gruziya iqtisodiyotini nishonga olmoqda


Yaqinda Gruziyada Rossiyaga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari ketidan Kreml bu mamlakat bilan turistik aloqalarni muzlatib qo’ydi – ikki mamlakat o’rtasida barcha parvozlar to’xtatildi, rossiyalik fuqarolarga Gruziyani tark etish tavsiya qilindi. Sayyohlik hisobiga yashovchi bu respublika iqtisodiyoti og’ir ahvolda qoldi.

1983-yilda Gruziya tog’larida Gruziyaning Rossiya himoyasiga o’tgani haqidagi Georgiyevsk bitimining 200 yilligiga bag’ishlangan gumbazli yodgorlik qurilgan. Ikki mamlakat o’rtasida 2008-yilda kechgan urushga qaramay, rossiyalik sayyohlar hali ham bu joyni ziyorat qilib turadi.

“Bizga yaxshi muomala qilishadi. Do’q-po’pisalarni eshitmadik”, - deydi Izzat ismli rossiyalik sayyoh.

“Muammo yo’q. Bizga munosabat do’stona”, - deydi uning Aleksandr ismli vatandoshi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin farmoniga ko’ra, o’tgan oydan beri ikki mamlakat o’rtasida barcha yo’lovchi parvozlari bekor qilingan. Bu esa Gruziya iqtisodiyotiga zarba bo’ldi.

“Ayrim do’stlarimiz biz bilan Gruziyaga bormadi. Ta’til uchun boshqa joyga borishni afzal ko’rishdi. Matbuot ularni fikridan qaytardi. Hamma ham siyosat va oddiy odamlar o’rtasidagi farqni bilmaydi”, - deydi Artyom ismli sayyoh.

“Gruziyaga qarshi chora adolatdan emas. Mahalliy xalq bizga yaxshi muomala qilyapti”, - deydi Marat.

Hisoblarga ko’ra, Rossiya sanksiyasi Gruziyaga 400 million dollarga tushgan. Ayrim kuzatuvchilar Gruziya iqtisodiyotini xilma-xillashtirishi kerak, deydi.

“Iqtisodiy taraqqiyotni yolg’iz turizmga bog’lash siyosatchilarimizning katta xatosi bo’lgan. Iqtisodiyotning haqiqiy sektorlarini rivojlantirish kerak”, - deydi Gruziya sobiq iqtisodiyot vaziri Vladimir Papava.

Sayyohlik bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar og’ir ahvolga tushgan.

Kunning jaziramasiga qaramay, uzumzorlar bilan o‘ralgan mehmonxonalardan birining hovuzida hech kim yo’q. Otel xonalari bo’m-bo’sh. Rossiya hukumati gruzin vinolari importini ham taqiqlamoqchi. Bu ham respublika iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo’ladi.

“Biz Rossiya, Ukraina, Polsha, Germaniya, Latviya bilan ishlaymiz. Eksportimizning katta qismi Rossiyaga mo’ljallangan. Cheklovlar kuchga kirmagan bo’lsa-da hali siyosiy sabablarga ko’ra ishimiz yurishmayapti”, - deydi vino ishlab chiqaruvchi shirkat vakili Yelena Chaknashvili.

Rossiya bozorining gruzin vinolariga yopilishi boshqa bozorlarga chiqishga yaxshi imkoniyat.

“Bu Gruziya uchun yangilik emas. Rossiya 2006-yilda ham bozorlarini gruzin vinolariga yopgan edi. Ammo ilojini qildik. Yanada sifatliroq mahsulot ishlab chiqarib, yangi bozorlarga chiqa boshladik. Ayni damda gruzin vinolarini Yevropa, Xitoy, Yaponiya, AQSh do’konlarida ko’rsa bo’ladi”, - deydi sobiq vazir Papava.

Gruziya Rossiyani ikki hududini undan olib qo’yib, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qo’shin kiritganlikda ayblar ekan, gruzin iqtisodiyoti taraqqiyotiga hissa qo’shayotgan Rossiya bilan til topishishga, hamkorlik qilishga majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG