Breaking News

Ukraina urushda katta talafot ko'rmoqda, ammo kurashni to'xtatmoqchi emas


Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrain qo’shinlari sharqdagi Severodonetsk shahrida hamda Xarkov viloyatida Rossiya armiyasi bilan janglarda katta talafotlar ko’rayotganini aytdi. Xalqqa tungi murojaatida Rossiya qurolli kuchlari ustunligini tan olgan Zelenskiy vaziyatni tubdan o’zgartirish uchun raketa hujumiga qarshi zamonaviy qurollar kerakligini bildirdi.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Severodonetsk shahridagi “Azot” kimyo zavodida mingdan ortiq tinch aholi, bir necha ming ukrain askari hamda 2000 ga yaqin xorijlik yollanma jangarilar bor. Aksaryatining britan fuqarolari ekani taxmin qilinmoqda.

Vazirlik so’nggi raketa hujumlarida Ukraina harbiylari uchun Donbassga yetkazilgan xorijiy qurollar va harbiy texnika, havo hujumlarida esa 300 dan ziyod ukrain askari hamda AQSh Kiyevga bergan gaubitsalarning to’rttasi yo’q qilinganini, havo mudofaasi tizimi yordamida Ukrainaga qarashli Su-25 samolyoti hamda bir necha snaryadi va harbiy dronlarining urib tushirilganini ma’lum qildi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, alyansga a’zo mamlakatlar Ukrainani qurollantirishda davom etadi. Ispaniyada shu oy oxirida bo’ladigan NATO sammitida Kiyev uchun yangi yordam paketiga kelishilishi kutilmoqda. Xususan, gap og’ir qurollar va uzoq masofaga otadigan raketa tizimlari haqida ketmoqda.

Unga ko’ra, alyans Ukrainaga eski sovet qurollaridan NATO harbiy standartiga o’tishda yordam beradi.

Rossiyaning jang maydonidagi g’alabalari Yevropadagi ayrim davlatlarni muzokara haqida og’iz ochishga majburlamoqda. Xususan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, Ukraina Rossiya bilan muzokara qilishiga to’g’ri keladi.

Ertaga Makron Germaniya va Italiya rahbarlari hamrohligida Kiyevga borishi kutilmoqda.

G’arbdagi ayrim siyosatchilar nazarida, Ukraina tinchlik evaziga hududining bir qismidan Rossiya foydasiga voz kechishiga to’g’ri keladi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Rossiya bilan qanday shart asosida kelishish Ukrainaning o’ziga havola. Chetdan tinmay qurol so’rayotgan Zelenskiy hozircha qarshilikni davom ettirishni afzal ko’rmoqda.

Sharqiy Yevropa, jumladan Polsha va Chexiya hamda Boltiq bo’yi mamlakatlari urushni to’xtatmaslikka da’vat etmoqda. Zelenskiy bugun Chexiya parlamentining har ikki palatasiga virtual murojaat qildi.

Bugun Bryusselda NATOga a’zo va hamkor davlatlar mudofaa vazirlarining uchrashuvida qatnashgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham G’arb davlatlarini Kiyevga qurol bilan ko’maklashishda faol bo’lishga chaqirdi.

“Ukraina o’zini mudofaa qilishi yo’lida bildirgan umumiy qat’iyatimizni kuchaytirishimiz kerak. Ukraina o’zini, fuqarolari va hududini himoya qilishi uchun harakatlarimizni yanada oshirishimiz lozim”, - dedi Ostin.

Ukraina mudofaa vazirining o’rinbosari Anna Malyarning aytishicha, uning mamlakati G’arbdan so’ralgan qurollarning 10 foizini olgan, xolos. Unga ko’ra, Ukraina artilleriyasi bir kunda dushman tomon besh-olti mingta snaryad otsa, Rossiya bundan 10 baravar ko’p hujum qilmoqda.

Bu o’rtada BMT tergovchilari Ukrainada inson huquqlarining buzilish hollarini o’rganmoqda. Mamlakatga 7-iyunda borgan taftish komissiyasi jabrdiydalar va guvohlardan ko’rsatmalar olmoqda.

Guruh a’zosi Jasminka Jumhur urush oqibatida uylaridan, ota-onasidan ayrilgan bolalarni topish muhimligini ham aytdi. Unga ko’ra, Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarda bolalarni qabul qilgan idoralarning raqib taraf hududidagi o’xshash tashkilotlar bilan aloqa yo’lga qo’yilmagan.

"Ishimizni yakunlaganimizdan so’ng qaysi hujumlar muayyan guruhlarga qaratilganini, qaysilari esa tinch aholiga, idoralarga qaratilganini aniqlashimiz oson bo’ladi”, - deydi BMT guruhining yana bir a’zosi Pablo de Greyf.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG