Breaking News

Ukrainada urush. Pelosi Kiyevda. Mariupoldan evakuatsiya. Zelenskiy G20 sammitiga taklif etildi. Turkiya bo'g'ozlarni yopmoqda


AQSH VAKILLAR PALATASI SPIKERI UKRAINADA

AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi yakshanba kuni Ukrainada bo’lib, urush boshlanganidan beri bu mamlakatga safar qilgan Amerikaning eng yuqori lavozimli rasmiysi bo’ldi.

Xalqaro hayot - 2-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:22 0:00

Kongress quyi palatasining raisi AQShda prezident va vitse-prezidentdan keyin uchinchi rahbar hisoblanadi.

“Spikerning Kiyevga tashrifi AQShda Ukrainaga nisbatan kuchli xayrixohlik nishonasidir. Amerikaliklar – demokratiya va ozodlik uchun kurashdagi birodarlarimiz”, - deydi Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova.

Pelosi rahbarligidagi qonunchilar delegatsiyasi so’ng Polshaga o’tib, Bayden ma’muriyatining Ukrainaga yordami haqida so’zladi.

“33 milliard dollar bu juda katta pul. Shu kungacha Ukraina uchun 13,6 milliard dollar ajratilganidan faxrlanamiz”, - dedi u.

Amerika berayotgan pulning katta qismi qurollarga sarflanmoqda. Rossiya bosqinidan himoyalanish uchun Ukraina ko’proq va qudratliroq qurollar so’ramoqda.

“Ularga qurol yubormagan kunimizda ko’proq odam o’lmoqda, bu esa mag’lubiyatga yetaklashi mumkin. Ularning g’alaba qilishiga ishonaman, buning uchun ularni zarur vositalar bilan ta’minlashimiz kerak”, - deydi Kongressning respublikachi a’zosi Maykl Makkol.

Rus qo’shinlari hujumini to’xtatish maqsadida Ukraina tarafi poytaxt Kiyevdan shimolda joylashgan bir qishloqni ataylab suv bilan bostirdi.

MARIUPOLDAGI PO'LAT ZAVODIDAN TINCH AHOLI EVAKUATSIYA QILINMOQDA

BMT bosh kotibining Rossiya va Ukrainaga safaridan so’ng esa Mariupol shahridagi “Azovstal” po’lat zavodida ukrain qo’shinlari bilan qamalda qolgan tinch aholining bir qismi evakuatsiya qilina boshladi.

Zavod bunkerlaridan chiqqanlarning ba’zilari Rossiya tomon, qolgani esa Ukraina kuchlari nazoratidagi hududga ko’chirilmoqda. Evakuatsiya ishlarida BMTga Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi yordam bermoqda.

INDONEZIYA "KATTA YIGIRMALIK" SAMMITIGA UKRAINA RAHBARINI TAKLIF ETDI

Noyabr oyida “Katta Yigirmalik” guruhining sammitiga mezbonlik qilishga hozirlik ko’rayotgan Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo Ukraina rahbarini Bali orolida o’tadigan anjumanga mehmon sifatida taklif etgan.

"Katta Yigirmalik” global iqtisodiyotni tiklashga turtki beruvchi tashkilotdir va agar global iqtisodiyotni tiklash haqida gapiradigan bo’lsak, ikkita narsa bugun juda muhimdir – COVID pandemiyasi va Ukrainadagi urush”, - dedi Vidodo.

AQSh va G’arb davlatlari Indoneziyadan anjumanga Rossiyani chaqirmaslikni so’rab bosim qo’yib kelmoqda. Vidodo buning o’rniga tashkilotga a’zo bo’lmagan Ukrainani taklif etishga qaror qildi. Rossiya rahbari Baliga borishni rejalamoqda, bu esa AQSh Prezidenti Jo Baydenni tadbirni qoldirishga majburlashi mumkin.

“Tushunishimizcha, Indoneziya Rossiyani bosqindan oldin taklif etgan. Biroq Rossiya anjumanda bo’lmasligi kerakligi haqida ham ochiq, ham xususiy suhbatlarda bildirganmiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

Vladimir Putin sammitda qatnashsa, AQShdan tashqari Kanada, Avstraliya, Britaniya rahbarlari ham Baliga bormasligi mumkin.

“Rossiya unga a’zo ekan, “Katta Yigirmalik” samarali iqtisodiy tashkilot sifatida faoliyat yurita olmasligi mumkin”, - deydi Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass.

“Nazarimda, Indoneziya Zelenskiyni anjumanga taklif etsa, Putin bormaslikka qaror qilishi mumkin. Vidodo uchun eng ma’quli shu”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Gregori Poling.

Ukraina mojarosi sammit kun tartibidan o’rin olmagan, biroq oy boshida Bayden ma’muriyati Rossiya bosqinining xalqaro iqtisodiyotga ta’siri hamda Ukrainani tiklash kabi masalalarni muhokama etishni so’ragan. G’arb koalitsiyasiga kirmagan mamlakatlar esa anjumanda Putinni yakkalash emas, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni tiklash masalasiga urg’u bermoqchi.

UKRAINADAGI URUSH FONIDA TURKIYA-ROSSIYA ALOQALARI

Turkiya hukumati Bosfor bo’g’ozi orqali Qora dengizga kirmoqchi bo’lgan rus harbiy kemalariga darvozani yopmoqda. Ayrim tahlilchilar nazarida, bu Anqaraning Moskvaga ta’sir kuchini namoyish etmoqda.

“Turkiya Rossiya harbiy kemalari uchun ham Bosfor, ham Dardanel bo’g’ozlarini yopdi. Rossiyaning Qora dengiz flotiga qarashli kemalarigina bazaga qaytayotganida yoki tranzit bilan o’tayotganida bo’g’ozlardan o’tkazilishi mumkin. Rossiya Qora dengizga boshqa kemalarini kirita olmasa, Ukraina kampaniyasini to’liq bajara olmaydi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Yoruk Ishik.

Anqaraning ushbu qarori hamda Ukrainada Rossiya harbiylariga zarba berayotgan turk harbiy dronlarining qo’llanilishi Turkiya-Rossiya aloqalariga ta’sir qilishi mumkin, biroq Kreml Erdog’an hukumatini tanqid qilishdan o’zini tiyib kelmoqda.

O’tgan hafta Turkiya va Rossiya rahbarlari telefon orqali Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Turkiyaning Rossiyaga qarshi G’arb sanksiyalariga qo’shilmagani Moskvaning Turkiyaga xayrixohigiga bir sababdir.

“Rossiya Turkiyani ehtimoliy vositachilar qatoridan hamda Rossiyaga nisbatan qo’yilayotgan barcha sanksiyalar va aksilrus kayfiyat fonida u bilan teng asosda ish qilishga rozi oz sonli mamlakatlar ro’yxatidan chiqarishni istamayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi AQShning CAN nodavlat tashkiloti tahlilchisi Samuel Bendet.

Suriya va boshqa mojarolarda qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlab kelayotganiga qaramay, bu ikki mamlakat til topishishga muvaffaq bo’lyapti. Kuzatuvchilarga ko’ra, o’zaro munosabatlarda Putin Erdog’anga nisbatan ustunlikka ega, biroq Ukraina urushi ushbu aloqalarni muvozanatlashtirishi mumkin.

“Hozirda Turkiyaning qo’li balandroq kelmoqda. Ruslar Turkiya harakatlaridan yoki Ukraina bilan savdodan norozi bo’lganida Suriyada ayrim nishonlarga zarba berib yoki Liviyada biror ish qilib, ushbu noroziligini bildirar edi, biroq hozir bunday qilish qiyinlashgan. Rossiya Turkiyani yarim neytral maqomda saqlab qolishni, Anqaraning iqtisodiy madad bo’lishini, logistika markazi bo’lishini istaydi”, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashi eksperti Asli Oydintoshbosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG