Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 98-kun. Ukraina uchun qo'shimcha og'ir qurollar


Ukraina hukumati va Germaniyadagi muxolif partiyalar Ukraina uchun og’ir qurol yuborishni tinimsiz talab qilishi ketidan Germaniya Kansleri Olaf Shols IRIS-T havo mudofaasi tizimini uzatishga qaror qildi.

Xalqaro hayot - 1-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:56 0:00

Sholsning Bundestagda qonunchilarga aytishicha, Ukrainada urush boshlanganidan beri Germaniya bu mamlakatga 15 millionta o’q, 100 mingta granata, 5000 dan ortiq tankka qarshi minalar yuborgan.

Kelasi bir necha haftada Germaniya va Niderlandiya 12 ta zamonaviy zirhli gaubitsa jo’natmoqchi.

IRIS-T 25 kilometrgacha bo’lgan masofadagi nishonlarni urish salohiyatiga ega zamonaviy mudofaa tizimidir. Bitta shunday tizim 400 ming dollar turadi.

Ukrainani yanada qurollantirish maqsadida Shols ittifoqchi davlatlar bilan muloqot kechayotganini aytdi. Xususan Gretsiya Ukrainaga sovet paytida ishlangan qurollarini uzatsa, Germaniya buning evaziga Afinaga harbiy texnika beradi.

Shols harbiy byudjetni 100 milliard yevroga oshirib, nemis qurolli kuchlarini Yevropada eng katta armiyaga aylantirmoqchi.

Kuni kecha Kiyevga borgan Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputova uning mamlakati ham Ukrainaga uzoq masofali zambaraklar berishini bildirdi. “Zuzana” deb ataluvchi 155 millimetr kalibrli gaubitsalar bir necha kunda Ukrainaga jo’natilishi kutilmoqda.

"Biz Ukrainaga S-300 havo mudofaasi tizimini, minalardan tozalash uchun kerakli jihozlarni yuborganmiz”, - dedi Chaputova.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan Slovakiya rahbari mahalliy parlamentga murojaat qilib, Kiyev atrofidagi shaharlarni ko’zdan kechirdi.

AQSh ham Ukrainaga qo’shimcha og’ir qurol uzatmoqchi. Kiyev yuzlab kilometr masofaga uchuvchi raketa tizimini so’ragan, biroq Vashington bunday qurollar Rossiya hududiga zarba berishda qo’llanishi mumkinligidan xavotirda ekan, qisqaroq masofaga uchadigan qurol berishi kutilmoqda. Masalan, 80 kilometrgacha.

Zelenskiy Rossiya hududini nishonga olmaslikka so’z berdi.


Biroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga ishonmasligini aytdi. U AQShni ataylab olovga benzin sepayotganlikda aybladi.

"AQSh Rossiya bilan so’nggi ukrainalikgacha jang qilish ahdida qat’iy”, - dedi Peskov.

Rossiyadagi ayrim rasmiylarning bildirishicha, Ukrainaning rus armiyasi nazoratiga o’tgan Xerson va Zaporojye viloyatlari hamda Donbassda yil oxirigacha Rossiya tarkibiga kirish masalasi bo’yicha referendumlar o’tkazilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG