Breaking News

Sodiq Safoyev: O'zbekiston demokratik islohotlar yo'lidan qaytmaydi


Sodiq Safoyev
Sodiq Safoyev

O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat bo'yicha qo'mitasi raisi Sodiq Safoyev payshanba kuni Vashingtonda bo'lib, AQSh rasmiylari, tahlilchilar va biznes doiralari vakillariga O'zbekistondagi jarayonlar, Islom Karimovdan keyingi siyosat, tashqi aloqalar istiqbollari haqida ma'ruza qildi.

O'zbekistonning AQShdagi sobiq elchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Safoyevning aytishicha, Islom Karimov chorak asrlik davr mobaynida demokratik islohotlar va bozor iqtisodiyotini tatbiq etdi va respublika uning vafotidan so'ng bu yo'ldan qaytmaydi.

"Mamlakat birinchi rahbarining o'limidan so'ng vahimaga tushmadi, demokratik institutlar, adliya tizimi mustahkam ekanini ko'rdik. O'zbekiston zamonaviy, dunyoviy demokratik tizimni barpo etishda davom etadi", - dedi Safoyev.

Senator O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari o'zgarmasligini, AQSh bilan hamkorlik to'xtamasligini bildirdi.

Safoyev muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlarga ham diqqat qaratdi.

"Bosh vazirning internetda ishga tushgan virtual qabulxonasiga 25 ming ariza tushdi, 70 foizida ko'tarilgan masalalar hal etildi. Bu hukumatning xalq bilan muloqotining yangicha ko'rinishi", - dedi senator.

Safoyev korrupsiyaga qarshi huquqiy choralar ko'rilayotganini ham ta'kidladi. Unga ko'ra, ayni damda bunga doir yettita qonun loyihasi ko'rib chiqilmoqda.

"AQSh nodavlat tashkilotlari, Ispaniya, Ukraina, Gruziyadan mutaxassislar kelib o'z tajribasi bilan o'rtoqlashdi", - dedi u.

Safoyevga ko'ra, O'zbekistonda so'nggi 10 yilda iqtisodiy o'sish sakkiz foiz atrofida qayd etildi.

"2008-yildan beri ichki qarz yo'q. Tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 16 foiziga teng. Rossiya va Qozog'istondagi iqtisodiy tanazzul O'zbekstonga ham ta'sir qildi albatta", - dedi u.

Sodiq Safoyevning aytishicha, sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 24 foizni, qishloq xo'jaligining ulushi esa 17 foizni tashkil etadi.

"Aholining o'rtacha yillik daromadi 300 dollardan 7000 dollarga ko'tarildi", - dedi senator.

Safoyev bir necha kun oldin Mirziyoyev tomonidan imzolangan kichik va o'rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan qonunga ham to'xtaldi. Unga ko'ra, bu soha vakillariga nisbatan barcha tekshiruvlar to'xtatiladi, xususiy tadbirkorlar shikoyatlari bilan shug'ullanish uchun ombudsmen idorasi tashkil etildi.

"Ayni paytda xorijiy sarmoyalar ombudsmeni lavozimini ham joriy etish haqida taklif bor", - dedi u.

Safoyevga ko'ra, chegara demarkatsiyasi va delimitatsiyasi, suvdan foydalanish, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda qo'shni davlatlar bilan muloqot boshlangan.

"Amerika Ovozi"ning "Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegaralar ochilishi mumkinmi, viza tartibi bekor qilinadimi" degan savoliga Safoyev kelajakda bu masalalar ham ko'rilishi mumkinligini, eng muhimi dialog boshlanganini aytdi.

"O'zbekistonda faoliyati man etilib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan xalqaro tashkilotlar, "Ozodlik" radiosi, "Amerika Ovozi" kabi xorijiy ommaviy axborot vositalari respublikaga qaytishi mumkinmi" degan savolga esa Safoyev O'zbekiston qonunlaridan chetga chiqmagan xalqaro tashkilotlar faoliyat olib borayotganini aytdi.

"Mamlakatdan haydalgan tashkilotlar mahalliy qonunlar doirasida ish ko'rmagan edi. Ularning vakillari mahalliy tillarni, sharoitni bilmasdan aql o'rgatishga harakat qilardi, mamlakatimizni ular behurmat qilgan", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG