Breaking News

Rasmiylar: Sankt-Peterburgda metroni qirg'izistonlik Rossiya fuqarosi portlatgan


Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Rasmiylarning aytishicha, 4-aprel kuni Sankt-Peterburgdagi metro bekatini portlatganligi taxmin qilinayotgan shaxs asli qirg'izistonlik Rossiya fuqarosidir.

Qirg'iziston Xavfsizlik xizmati so'zlovchisi portlashni amalga oshirganlikda ayblanayotgan bu shaxs 1995-yilda tug'ilgan Akbarjon Jalilov ekanini aytgan. Dastlab, uning 23 yoshli markaziy osiyolik ekani e'lon qilingan edi.

O'lganlar soni 11 tadan 14 taga yetgan. 50 ga yaqin odam yaralangan. Portlash shu qadar kuchli bo'lganki, poyezdning qalin temir eshigida katta teshik paydo bo'lgan. Hozirgacha hujum uchun mas'uliyatni hech kim bo'yniga olgani yo'q.

Politsiya shahardagi boshqa bir metro bekatidan ham bomba topgan. Portlovchi modda zararsizlantirilgan. Kun bo'yi shahar metropoliteni o'z faoliyatini to'xtatgan. Bekatlarda qo'shimcha xavfsizlik choralari yo'lga qo'yilgani aytilmoqda.

Sankt-Peterburgda uch kunlik motam e'lon qilindi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlash yuz bergan payt shu shaharda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashayotgan bo'lgan. U portlash yuz bergan bekatni kelib ko'zdan kechirgan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp portlashni "mutlaqo dahshatli ish" deb atadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish "Bu manfur ishni amalga oshirganlar jazoga tortilishi kerak", dedi.

Rossiyada so'nggi bor metro xuruji 2010-yil Moskvada yuz bergan edi. O'shanda Chechenistondagi isyonchilarga aloqador xudkush bombachi 33 kishining umriga zomin bo'lgan. 2004-yili Moskva metrosida yuz bergan yana bir portlashda ham 50 ga yaqin odam o'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG