Nyu-Yorkdagi xuruj o'zbeklarga nisbatan munosabatni o'zgartiradimi?

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahrida 29 yashar o’zbekistonlik muhojir Sayfullo Soipov ijaraga olingan yuk mashinasini velosipedchilar bilan gavjum yo’lakka yo’naltirib, kamida sakkiz odamni o'ldirgan. Jarohatlanganlar o’ndan ortiq. Yuk mashinasi nogiron bolalarni olib ketayotgan maktab avtobusiga urilgan, to’rt kishi, jumladan ikki bola jarohat olgan.

Soipov qo’lida ikkita soxta qurol bilan mashinadan chiqqanida politsiyachilar unga o’q uzib yaralagan. Hozir u kasalxonada. U ijaraga olgan yuk mashinasi, uning uyi tintuv qilingan, tergovchilar Patterson shahrida Soipov qatnagan masjidda surishtiruv olib borgan.

“Pattersonda uch oydan beri yashaydi, hech kim uni tanimaydi, chunki uning yuzini hech kim eslay olmadi. Nega bunday qilganini bilmayman, balki shaxsiy sabab bordir. Axir islom bizni odam o’ldirishga o’rgatmaydi”, - deydi shu masjidga borib turadigan Nazar Uda ismli bu odam.

Rasmiylar xuruj ortida Sayfullo Soipovning o’zi turganini, hamtovoqlari bo’lmasligi mumkinligini taxmin qilmoqda, biroq shunga qaramay, ko’chalarda politsiya nazorati kuchaytiriladi.

“Aeroportlarda, tunnellarda politsiyachilar sonini ko’paytiramiz. Boshqa bir tahdid haqida ma’lumot yo’q, ammo shunchaki, ogoh bo’lish uchun, har ehtimolga qarshi", - deydi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.

Sayfullo Soipov Toshkentning Shayxontohur rayonidan ekani, Amerikaga grin-karta yutib 2010-yilda kelgani, Floridaning Tampa shahrida yashagani, so’ng Nyu-Jersiga ko’chgani ma’lum. Uylangan, uch farzandi bor, so’nggi payt “Uber” taksi xizmatida ishlagan. Tergovchilar u haqda ko’proq ma’lumot to’plashga harakat qilyapti. O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tergovga yordam berishga tayyor ekanini aytib, bayonot chiqargan.

Xabarlarga qaraganda, Soipovning yonidan bir parcha qog’oz chiqib, unda u xurujni “Islomiy davlat” uchun qilganini yozgan. AQSh Prezidenti Donald Trampning xurujdan so’ng “Twitter”da yozishicha, Daishni Yaqin Sharq va boshqa hududlarda mag’lub etib, jangarilarining Amerikaga kirishiga yo’l qo’ymaslik kerak.

Tramp, shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga AQShga kelayotgan muhojirlarni tekshirish dasturini kuchaytirishni buyurgan.

Amerikada yashash huquqini beruvchi, har yili o’ynaladigan grin-karta lotereyasi dasturi orqali O’zbekistondan bu mamlakatga har yili bir necha ming odam keladi. Kechagi xurujdan so’ng AQSh hukumati qanday chora ko’radi, O’zbekiston grin-karta dasturidan chiqariladimi, Amerikadagi o’zbeklarga munosabat o’zgaradimi? Hozir ayrim o’zbekistonliklarni mana shu savollar qiynamoqda. Axir Sayfullo Soipov Amerikada “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda gumon qilinib, ayblanib hibsga olingan ilk o’zbekistonlik emas.

Aziz mushtariylar, sizning bu voqeaga munosabatingiz qanday, nega xabarlarda, asosan, aynan o’zbekistonliklar haqida ko’proq eshityapmiz, odamlarning bu yo’lga kirishiga qanday omillar sabab bo’lyapti, buning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

Munosabatingiz va javoblaringiz bitilgan videolarni “Amerika Ovozi” saytiga yuboring, “Facebook”dagi sahifamizga kirib, muhokamada qatnashing.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG