Breaking News

Dunyo ko'chalarida koronavirusga qarshi kurash


Koronavirus sabab odamlarga uyda o’tirish ham tavsiya qilinar, ham buyurilar ekan, yirik shaharlar oxirat haqidagi kinolarda tasvirlangan manzaralarni eslatmoqda.

Bangkok ko’chalarida hozir faqat harbiy transport va zararli materiallar bilan ishlovchi xizmatchilarni ko’rish mumkin, xolos. Bir paytlar gavjum bo’lgan shaharlar hozir huvillab qolgan, ko’chalarda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

“Bangkokda 57 nafar odam bir tungi klubda va boks majmuasida virus yuqtirgan. Tashkilotchilar, mezbonlar, oila bo’lib va do’stlari bilan kelgan mehmonlar”, - deydi Tailand Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiysi Suvannachay Vattanayingcharoyenchay.

23-martga qadar Tailandda kasallanganlar soni 700 dan oshib ketdi, bir odam o’lgan.

Keniya poytaxti Nayrobi ko’chalarida ham dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

“Bu tadbir bahonasida nafaqat koronavirus, balki ko’plab boshqa mikroblar ham yo’q bo’ladi. Xlorni qo’llayapmiz”, - deydi Keniya Sog’liqni saqlash vazirligidan Jozef Kungu.

Nayrobida jamoat transporti ham tozalanib, qo’l yuvish uchun chig’aniqlar o’rnatildi.

Iroqning Musul shahri tevaragidagi Nineyva shaharchasida koronavirus aniqlanmagan bo’lsa-da, ko’chalar dezinefksiyalanmoqda. Shu paytga qadar mamlakat bo’ylab kamida 230 ta odamda virus aniqlangan, 20 kishi o’lgan.

Suriya ham yangi koronavirusga e’tiborsiz bo’lmayapti.

“Jamoat joylari, masjidlar, maktablar, cherkovlar va tomosha zallarini tozalayapmiz. Odamlarga maslahatlar ham beryapmiz”, - deydi tibbiy xizmatchilardan biri.

22-mart kuni Suriyada ilk koronavirus holati aniqlandi.

1,3 milliard odam yashovchi Hindistonda hozircha 415 ta kasal aniqlangan bo’lib, 7 kishi o’lgan, ammo mutaxassislar yaqin kunlarda kasallanish sur’ati kuchayib, sog’liqni saqlash tizimiga og’ir tushishi haqida ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG