Amerikada keng nishonlanadigan Rojdestvo bayrami yaqinlashgan sayin atrofda qorbobo, Santa Klauslarni ko'p uchratasiz. Santa bo’lish uchun oppoq soqol, qizil kiyimning o'zi yetarli emas. Ular treningdan o’tishadi, maxsus maktabga qatnashadi.

Charli Xovard santa maktabida mashg'ulotlar boshlanib ketgan. 250 nafar qorbobo Rojdestvoga tayyorlanmoqda.

Charli Xovard Nyu-Yorkda an'anaviy Shukronalik kuni paradida 17 yil Santa Klaus obrazida ishtirok etgan. O'shandayoq uning obrazi klassikaga aylangan edi. Xovard 1937-yilda maktabini ochdi.

“U paytda yaxshi santalarga ehtiyoj bor edi. Bizning tasavvurimizdagi ijobiy, oliyjanob obrazni yaratib bera oladiganlar esa ozchilik bo'lgan. Shuning uchun bu dargoh ochilgan", - deydi maktab dekani Tom Valent.

Hozir bunday muammo yo’q. Santa obrazini o’zlashtirishda imo-ishora bilan muloqot, pardoz-andoz va kiyinish, yangi chiqqan mavsumiy o’yinchoqlar, hatto kiyik haqida faktlarni o’rganishadi. Ular radio va televizion intervyularda qatnashish mahoratini oshiradi. Qorbobolarga bu biznesdan qanday soliq to'lash ham o'rgatiladi.

Robert Deyvis Michigan shtatidan, 30 yildan beri santalik qiladi. Bu maktabda bir necha bor o’qigan.

“Qilayotgan ishingizning qanchalik ustasi bo’lmang, yanada o’sish mumkin. Santa maktabiga kelib o’qiganingiz uchun emas, yoqtirgan ishingizni yana 250 odam sidqidildan qilayotganini ko’rib, har safar nimanidir o’rganadi odam”, - deydi u.

Maktab shu kungacha nechta Santa Klaus tayyorlagani aniq emas. 80 yil mobaynida kamida 15 ming, deb taxmin qilinadi. Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Yevropa, Afrika va Avstraliyadan talabalar kelgan. Bu yilAQShning 50 shtatidan hamda Kanada, Daniya, Yangi Zelandiya va Norvegiyadan ham bor. Fred Ostayer bu yerga sakkizinchi marta kelishi.

“12 yoshimda ukalarim uchun Santa bo’lardim, bora-bora boshqalarga. Shu bilan 65 yildan beri har yili Rojdestvoda Santa Klausman”, - deydi u.

Santa obrazidagilar bayram kayfiyatini ulashishga intiladi. Bolalarga Santaning qarindoshimiz, deb o'zini tanishtiradi. Quruq va'dalar bermaydi. Orzuingiz amalga oshishi uchun harakat qilamiz, deydi xolos.

“Qachonki bolalar bilan uchrashmay, ishimni sidqidildan qilaman. Besh daqiqa muloqot qilsak ham, bola yil bo’yi eslab yursin”, - deydi Robert Deyvis.

Charli Xovard maktabi Santa mo’ridan kiradigan mavsumiy mehmon emas, u aslida qalb qo’ridan joy oladigan mehmon bo’lishi kerakligini shior qilib olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG