Saudiya Arabistonida o'nlab shahzodalar, vazirlar hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Shahzoda Alvalid bin Talal, hibsga olinganlardan biri

Saudiya Arabistonida poraxo'rlikka qarshi kampaniya doirasida kamida 17 shahzoda, amaldagi va sobiq vazirlar hibsga olingan. Ular orasida milliarder tadbirkor Alvalid bin Talal ham bor.

Qirol Salmon buyrug'i bilan, shuningdek, Milliy gvardiya hamda harbiy-dengiz kuchlari rahbarlari va iqtisod vaziri ishdan olindi.

Yaqinda tuzilgan aksil-korrupsiya qo'mitasiga valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshchilik qiladi. Bu idora poraxo'rlikda gumon qilingan shaxslarni tergov qilish, hibsga olish va mol-mulkini muzlatish vakolatiga ega.

"So'nggi 10 yillikda qirollik taraqqiyotiga to'sqinlik qilib qilayotgan muammolar bor, ularni yechishga qaratilgan islohot dasturi olib borilyapti. O'z lavozimini suiiste'mol qilish, shaxsiy manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo'yish va davlat mablag'larini o'g'irlashga moyil shaxslar borki, bunday qo'mita bizga zarur", - deyiladi Saudiya Arabistoni Kommunikatsiya vazirligi bayonotida.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon
Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon

Tahlilchilarga ko'ra, 32 yoshli Muhammad bin Salmon valiahd shahzoda etib tayinlanganidan buyon yangicha tizim qurish tomon harakat boshlangan. U "ekstremistik mafkuralarni" va radikalizmni yo'q qilib, mo'tadil islomga qaytish va'da bermoqda. Kelasi yildan xotin-qizlarga avtomobil haydashga ham ruxsat beriladi.

Korrupsiya bo'yicha ayblovlar shahzoda Salmon o'z hokimiyatini mustahkamlayotganidan dalolat, deydi tahlilchilar. Uning qarorlarini ayniqsa yoshlar olqishlamoqda. Ammo jamiyatning konservativ qatlami o'zgarishlardan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG