Breaking News

Saudiya Arabistonida ayollar ilk bor ovoz bermoqda


Saudiya Arabistonida ayollar ilk bor mahalliy saylovlarda ovoz beryapti, shuningdek, mahalliy kengashlarga saylanish huquqiga ega. Marhum qirol Abdulla 2011-yilgi farmoni bilan bunga yo'l ochib bergan edi.

Ultrakonservativ jamiyatda erkak va ayollar uchun hamma narsa alohida belgilangan. Ovoz berish uchastkalari ham alohida. Saudiya Arabistoni - xotin-qizlarga mashina haydashni taqiqlaydigan yagona davlat hamdir.

Ayol nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashish, kampaniya olib borish oson bo'lmadi. Ular faqatgina parda ortidan yoki erkak qarindoshlari orqali ommaga murojaat qilishi mumkin.

"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, xotin-qizlar uchun saylovchi sifatida ro'yxatdan o'tish ham qiyin, chunki ro'yxatga olish markazlarining ko'pi uzoqda joylashgan.

Jami 978 ayol mahalliy kengashlarga o'z nomzodini qo'ygan. Saylov o'tkazilishining o'zi Saudiya Arabistoni uchun katta gap. 1965-yildan 2005-yilgacha umuman saylov o'tkazilmagan.

Segregatsiya va diskriminatsiya qonunlarda bitilgan qirollikda ayollarga ilk bor saylash huquqi berilgani katta shov-shuv uyg'otmoqda, ammo yosh avlod bu qarorni qo'llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG