Breaking News

Saudiya Arabistoni qirol Abdulla bilan vidolashdi


Dafn marosimi, Riyod, 23-yanvar, 2015
Dafn marosimi, Riyod, 23-yanvar, 2015

Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bin Abdulaziz al-Saud 90 yoshida olamdan o'tdi. Terrorga qarshi kurash hamda neft ta’minoti masalalarida AQShning strategik hamkori, mamlakatni o'tgan 10 yil ichida boshqarib kelgan monarx bugun dafn etiladi. U anchadan beri kasal edi.

30 million aholiga ega qirollikning yangi hukmdori, 79 yoshli Salmon bin Abdulaziz al-Saud televideniye orqali xalqqa murojaatida Abdullaning ishlarini davom ettirishini ta’kidladi. Uning taxt vorisi shahzoda Muqrin bo’ladi.

Shu paytgacha mudofaa vaziri bo’lib ishlagan Salmon o’z lavozimiga o’g’lini tayinladi. Boshqa vazirliklarda o’zgarishlar kutilmayapti.

Prezident Barak Obama Saudiya Arabistoni xalqiga va qirol oilasiga hamdardlik bildirar ekan, Abdullani haqiqatni ro’yirost gapiradigan, ikki tomonlama munosabatlardan xavfsizlik va barqarorlik yo’lida mohirona foydalana olgan rahbar deya ta’rifladi.

Davlat kotibi Jon Kerri deydiki:

“AQSh do’stidan, Yaqin Sharq va butun dunyo esa yuqori martabali yetakchidan ayrildi. Abdulla qurollik bosib o’tgan yo’l haqida faxrlanib gapirardi. Ekstremizmga qarshi kurashda ham, tinchlik tashabbuslarini olg’a surishda ham bizga yaqin hamkor edi”.

Qirollik asoschisi Abdulazizning o’g’li Abdulla 1924-yilda Riyodda dunyoga keladi. Hokimiyat tepasiga 2005-yilda, qirol Fahd vafotidan keyin kelgan. Islohotlar tarafdori sifatida tanilgan edi. Uning qarori bilan joriy yilda xotin-qizlar ilk bor mahalliy saylovlarda ovoz beradi.

Abdulladan 22 farzand (15 qiz va 7 o'g'il) hamda 18 milliard dollarlik shaxsiy boylik qoldi.

Marhum qirol “agar Falastin o’z davlatini barpo etsa, Arab Ligasiga a’zo davlatlar Isroilni tan oladi” deb chiqqan edi. Tunis, Misr, Liviya va Yamandagi “Arab bahori” deya ta’riflangan qo’zg’olonlarni quvvatlamagan. Saudiya Arabistoni dunyodagi eng ezilgan va inson huquqlari misli ko'rilmagan darajada toptaladigan jamiyat hisoblanadi.

Dunyo neft zaxiralarining 16 foiziga ega bu davlat Katta Yigirmalikka, shuningdek, Xalqaro savdo tashkilotiga a’zo. “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya hujumlarida ishtirok etib keladi.

Yaqin Sharqdagi beqarorlik, terrorizm tahdidi, neft ikki baravar arzonlashgani va boshqa muammolarga qaramasdan Saudiya Arabistonida hokimiyat almashishi osuda kechmoqda.

Yangi qirol Salmon boshqaruvi ostida Saudiya Arabistonida katta o’zgarishlar bo’lishi kutilmayapti.

10 yillik hukmdor Abdulladan 22 farzand va 18 milliard dollarlik shaxsiy boylik qoldi
10 yillik hukmdor Abdulladan 22 farzand va 18 milliard dollarlik shaxsiy boylik qoldi

Saudiya Arabistonining yangi hukmdori qirol Salmon
Saudiya Arabistonining yangi hukmdori qirol Salmon

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG