Breaking News

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kengayish arafasida, Toshkentda sammit


2015-yilning iyul oyida Ufada o'tgan sammit
2015-yilning iyul oyida Ufada o'tgan sammit

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 23-24 iyun kunlari Toshkentda sammit o’tkazadi. Hindiston va Pokiston ham bu organga qo'shilishi mumkin.

O’zbekiston hozirda tashkilotga rais. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pekinda sammit kun tartibi yuzasidan yig’ilish o’tkazgan.

Respublika, ma’lumki, Pokiston va Hindistonning qabul qilinishi haqida oldin e’tirozlar bildirgan.

ShHT Bosh kotibyati sammit arafasida bu davlatlarning Xitoydagi elchiligiga a’zolik shartlariga doir memorandum topshirgan. Tashkilotning kuzatuvchi maqomidagi davlatlar safiga Ozarbayjon ham qo’shilgan.

O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Rossiya va Xitoy a’zo va shu bois Shanxay-6 deya tanilgan organ jug’rofiy va geosiyosiy jihatdan kengayib borayotgani, O’zbekiston hukumati nazarida, xavotirli masala.

ShHT raisligini o’z zimmasiga olar ekan, O’zbekiston rahbari Islom Karimov yadroviy qurolga ega yirik davlatlar Pokiston va Hindistonning tashkilotga qo’shilishi ziddiyat keltirib chiqarishi mumkin, deya ogohlantirgan edi.

“Agar biz a’zolikka qabul qilish muhokamasini boshlagan ekanmiz, demak, raislik qiluvchining zimmasida bir savol bo’ladi: bu jarayon qanday o’tadi? Qancha vaqt oladi bu a’zolik, muhokama? Bu ikki davlatning qo’shilishi, yana ular yadroviy qurolga ega davlatlar bo’lsa? Shu ko’rsatkichlar orqali qaralsa, ularning ShHT qo’shilishi ertaga nafaqat siyosiy xaritani, balki mening o’ylashimcha, butun geosiyosiy kuchlar taqsimini ham o’zgartiradi. Shuning uchun ham bu oddiy bo’lmagan, murakkab holat”, - degan edi Islom Karimov, ShHTning 2015-yilning yozida Rossiyada kechgan sammitida.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka asoslangan tashkilot yo’q. Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Ittifoqiga Tojikiston va O’zbekiston a’zo emas.

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazir deydiki, Toshkent sammitida yangi a’zolar rasmiylashtrilgan taqdirda ham, bu hali hech narsadan darak bermaydi.

“ShHTda a’zo davlatlarni birlashtirib turuvchi yagona bir qadriyat, standartlarning o’zi yo’q. Pokiston va Hindiston qo’shib olingan taqdirda ham, bu davlatlarning manfaatlari ko’proq Janubiy Osiyodagi vaziyat, o’sha mintaqadagi tashkilotlar bilan bog’liq. Ularning a’zo bo’lishi hech narsani o’zgartirmaydi. O’zbekiston hozir rasmiyatchilikka ko’ra, rasilik vazifasini bajarib beradi. O’zi aslida hozirgi qiyin iqtisodiy sharoitda bunday dabdabali sammitlar o’tkazilishi shart ham emas edi. Ehtimol O’zbekiston bu tashkilotni ham tark etar, xuddi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan bo’lgani kabi. Baribir asosiy aloqalar faqat ikki tomonlama munosbatlarga ko’ra yuritilmoqda”, - deydi Anvar Nazir.

Siyosatshunos Farhod Tolipov ta’kidlashicha, O’zbekiston ShHTda siyosiy ambitsiyalar kuchayishidan manfaatdor emas.

“O’zbekistonni tashqi siyosatida ham geosiyosiy kuchlar muvozanati asosiy o’rinda turadi. Shunday ekan, ShHT doirasida geosiyosiy o’zgarishlar boshlanishi, bloklarga ajrash harakatining kuchayishi O’zbekistonni ham o’z pozitsiylarini qayta ko’rib chiqishga majbur etishi mumkin. Qayta ko’rib chiqilganda ham bu ko’proq G’arb bilan aloqalarni rivojlantirish tomonga bo’lishini taxmin qilish mumkin”, - deydi Tolipov.

Moskvadagi Karnegi markazi e’lon qilgan tahlilnomada Xitoyning mintaqadagi o’rniga alohida ahamiyat qaratiladi. Xitoy, deyiladi unda, yaqin kelajakda Markaziy Osiyodagi eng qudratli geosiyosiy va iqtisodiy kuchga aylanadi.

ShHT 2001-yilning iyun oyida Xitoyning Shanxay shahrida vujudga kelgan, asosiy maqsadi – iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash. Lekin 15 yillik faoliyatida xavfsizlikka e’tibor katta bo’ldi va hozirda ham shunday.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG