Breaking News

AQSh qonunchilari Jorj Floyd o'limiga munosabat bildirmoqda


AQSh senatori Tina Smit Minneapolisda Jorj Floyd xotirasiga o'tgan marosim paytida, 4-iyun, 2020-yil

Minneapolis shahrida politsiya qo’lidan o’lgan Jorj Floyd xotirasiga bag’ishlangan marosimda yuzlab odam qatnashgan bir paytda AQShdagi har ikki asosiy siyosiy partiyaning Kongressdagi vakillari Floyd o’limiga sabab bo’lgan politsiya zo’ravonligini qoraladi.

Xalqaro hayot – 5-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:49 0:00

Senatdagi demokratlar 8 daqiqa 46 soniya davomida sukut saqladi. Oq tanli politsiyachi Derek Shovin tizzasi bilan Floydning bo’ynini aynan shuncha vaqt bosib turgan.

“Biz bu yerga nafaqat uning fojiali o’limini xotirlash uchun, balki hayotini sharaflash uchun to’plandik”, - dedi Nyu-Jersi shtatidan qora tanli AQSh senatori, demokrat Kori Buker.

Kapitoliy atrofida ham namoyishlar bo’lgan. Qonunchilar Floyd o’limini qoraladi. To’rt politsiyachi bu ish yuzasidan sudga tortiladi.

“Politsiya nazoratiga o’ta shafqatsiz sharoitda tushgan ko’plab afro-amerikaliklar nobud bo’lgan. Mamlakat uyg’onishi kerak”, - dedi Janubiy Karolinadan respublikachi senator Lindsi Grem.

“Konstitutsion ahamiyatga ega savollar bor bizda. Nahotki adliya tizimimiz irqchilik bilan shu qadar kasallanganki, demokratik qadriyatlarimizga javob bergan holda ishlay olmasa?” – dedi illinoyslik demokrat senator Dik Durbin.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel ham tanqidiy fikr bildirdi.

“Hech bir politsiyachining mayda qonunbuzarlik uchun hibsga olingan odam bo’yniga tizzasini 9 daqiqa tirab turishga haqqi yo’q. Ayniqsa bu odam nafasi bo’g’ilayotgani haqida hayqirib, so’ng jim bo’lib qolsa”, - dedi senator.

Respublikachi qonunchilar Floydning o’limini baralla qoralab, uning oilasiga hamdardligini bildirarkan, ular namoyishlarni bostirish uchun harbiylarni jalb qilmoqchi bo’lgan Prezident Donald Trampning bu harakatlarini qattiq tanqid qilmadi.

Aksincha, ulardan biri Tom Kotton davlat rahbarining bu gaplarini qo’llab-quvvatladi. Uning aytishicha, ba’zi hollarda namoyishlar zo’ravonlikka aylanarkan, kuchni namoyish qilish muhim.

“Bu anarxistlar ko’chada 101-havo-desant diviziyasi bilan bir yuzlashib ko’rsinchi”, - dedi Kotton.

Vakillar palatasidagi demokrat qonunchilar Tramp harakatlarini keskin tanqidga olib, politsiya faoliyatini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasi ustida ishlamoqda.

“Politsiyachilarga bodikamera bilan yurishni majburiy qilishimiz mumkin. Politsiya zo’ravonligiga doir qonunlarga tuzatish kiritishimiz mumkin”, - dedi Nyu-Yorkdan saylangan demokrat senator Kirsten Jillibrend.

Xalq har ikki partiya qonunchilaridan shaharlarda tartibni tiklashga chora ko’rishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG