Breaking News

Nafaqat Oq uy, Senat uchun kurash ham avjida


Noyabrda AQSh Senatini qaysi partiya qo’lga oladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

3-noyabr kuni amerikaliklar nafaqat prezidentni saylaydi. Vakillar palatasidagi barcha o’rinlar va Senatdagi o’rinlarning uchdan biri ham ovozga qo’yiladi. Hozirda respublikachilar Senatda hukmron, Vakillar palatasida esa demokratlar. Saylov natijasi mamlakatning kelasi ikki yilda qay tomon yo’nalishini belgilaydi.

Respublikachilar Shimoliy Karolinada saylovoldi qurultoyini o’tkazib oldi, lekin bu shtatda siyosiy kurash to’xtagani yo’q.

Mahalliy senator Kal Kaningem – Kongressga harakat qilayotgan ko’p sonli demokratlardan biri. U respublikachi Tom Tillis o’rnini egallamoqchi.

Prezidentlik saylovi natijasini hal qiluvchi shtatlardan biri – Shimoliy Karolina mamlakatdagi siyosiy kayfiyatni aks ettiradi.

“Shimoliy Karolina – bugungi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarning ko’zgusi, chunki shtatimiz aholisi ikkiga bo’lingan. Bu yerda kimga ovoz berish haqida bir qarorga kelmagan saylovchilar bor, shuning uchun mamlakatdagi boshqa joylarda bo’lgani kabi raqobat kuchli”, - deydi tarixchi professor Maykl Bitzer.

So’rovlarga qaraganda demokrat Kaningem Tillisdan 5 foiz oldinda. Tramp ham bu poygada muhim ro’y o’ynaydi.

“Mamlakatdagi siyosiy dinamika Shimoliy Karolinada o’z aksini topmoqda, chunki Tom Tillis pandemiyadan oldin Prezident Trampga eng yaqin senatorlardan biri edi. Ammo keyin markaz pozitsiyaga o’tib, Tramp haqida gapirmay qo’ydi”, - deya sharhlaydi Bitzer.

Koronavirus Ayova shtatida ham muhim mavzu. Respublikachi senator Joni Ernst demokrat raqibi Tereza Grinfild bilan bellashmoqda.

Pandemiya oqibatlari xususida munozara. Ya’ni Amerikadagi hozirgi ahvol Senat poygasiga ta’sir ko’rsatmoqda, deydi tahlilchilar.

“Nomzodlar prezidentning koronavirus bo’yicha qarorlarini himoya qiladimi yoki undan uzoqlashishga harakat qiladimi? Buni har bir shtatdagi ahvol belgilaydi”, - deydi siyosatsunos Keysi Burgat.

Meyn shtatidan respublikachi senator Syuzan Kollins beshinchi bor saylanish harakatida. U Oliy sudga Brett Kavanoni tasdiqlash uchun, shuningdek, impichmentda Trampni yoqlab ovoz bergan.

Uning demokrat raqibi Sara Gideon Kollinsni tanqid qilib, saylanish uchun millionlab dollar to’pladi.

Alabama shtatidagi bellashuvda esa Prezident Tramp partiyadoshi Tommi Tabervilni qo’llab-quvvatlamoqda. Tabervil raqibidan 15 foiz oldinda. Demokrat senator Dag Jouns o’rnini boy berishi bashorat qilinyapti.

“Ammo saylov pirovardida qancha odam ovoz berishga chiqishiga bog’liq. Ayniqsa 2016-yilda Tramp yutgan shtatlarda. Senatorlarga o’z shtatlaridagi vaziyatga qarab baho beriladi. Ular saylovchilar bilan bog’lana olishi, kerak bo’lsa Trampga yaqinlashishi yoki undan uzoqlashishi kerak bo’ladi”, - deydi Burgat.

Demokratlar Kolorado va Arizonada ham o’rinlarni qo’lga kiritmoqchi. Noyabrda o’tadigan saylovda Senatdagi 35 o’rin ovozga qo’yiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG