6-yanvar kuni AQShda yangi Kongress majlis qilib, 3-noyabr prezident saylovlarida berilgan ovozlarni rasman tasdiqlashi kutilarkan, respublikachi senator Josh Xauli Demokratik partiyadan prezidentlikka saylangan Jo Bayden g’alabasiga e’tiroz bildirishi kutilmoqda.
Shunday bo’lgan taqdirda, qonunga ko’ra senatorlar munozara qilib masalani ovozga qo’yadi. Odatda bu shunchaki bir rasmiyatchilik bo’lib, bunday holatlar shu kungacha saylov natijasining o’zgarishiga olib kelmagan.
Xauli 2018-yilda Senatga Missuri shtatidan saylangan. Uning aytishicha, ayrim shtatlar, jumladan Pensilvaniya, saylov haqidagi mahalliy qonunlarga rioya qilmagan.
Vakillar palatasidagi bir necha respublikachi qonunchi ham saylov natijasiga e’tiroz bildirmoqchi.
Saylovchilar kollegiyasining 306 a’zosi Baydenga, 232 nafari esa amaldagi rahbar Donald Trampga ovoz bergan.
Ayrim respublikachi qonunchilar saylov natijasi o’zgarmasligini bildirmoqda. Ularning Senatdagi sardori Mitch Makkonel 15-dekabr kuni Bayden g’alabasini tan olib, partiyadoshlarini saylov natijalariga e’tiroz bildirmaslikka chaqirgan.
Facebook Forum