Breaking News

“Sezam ko’chasi” Yaqin Sharqda urushdan jabr ko’rgan bolalarga yordam bermoqda


"Sezam ko'chasi" ko'rsatuvining qo'g'irchoq qahramonlari
"Sezam ko'chasi" ko'rsatuvining qo'g'irchoq qahramonlari

Yaqin Sharqda davom etayotgan mojarolar, ayniqsa, bolalarga salbiy ta’sir qilmoqda. Suriyada yetti yildan beri qon to’kilmoqda. “Islomiy davlat” jangari to’dasidan endigina qutulgan Iroq hali ham beqaror. Millionlab bolalar qochqinlar lagerlarida yashab, bolaligidan mahrum bo’lmoqda.

Amerikada bolalar orasida ommabop bo’lgan “Sezam (yoki Sim-sim) ko’chasi” ko’rsatuvini yaratgan “Sezam darsxonasi” nodavlat tashkiloti ko’rsatuvda bolalar mehrini qozongan qo’g’irchoqlarini mojaroli zonalarga yuborib, teatr qo’ymoqda, bolalar yuziga tabassum olib kelmoqda.

“Sezam darsxonasi” vitse-prezidenti Sheri Rozenfeldning aytishicha, tashkilot Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi bilan hamkorlikda bolalar ta’limini oshirishga bel bog’lagan.

“Biz bu ishni ikki yo’l bilan qilamiz. Birinchisi, 1,5 million muhtoj bola bilan bevosita aloqa orqali, ikkinchisi esa Iroq, Livan, Suriya, Iordaniyaga yangi ta’lim ko’rsatuvlarimizni uzatish orqali”, - deydi u.

2017-yil dekabrida Makartur jamg’armasi “Sezam darsxonasi” va qo’mitaga bu loyiha uchun 100 million dollar berdi.

Rozenfeldning aytishicha, “Sezam ko’chasi” ko’rsatuvi mahalliy sharoitga moslashtirilib, bolalarni o’qishga, xorijiy tillarni o’rganishga, matematika va ijtimoiy hunarlarga o’rgatadi.

Qahramonlarni moslashtirish

Ko’rsatuvning bolalarga tanish bo’lgan Elmo, Kuki Monstr, Katta Qush kabi qahramonlarining inglizcha nomlari o’zgartirilib, ular arab va kurd tillarida so’zlashishadi.

“Ko’rsatuvni nafaqat televideniye orqali, balki WhatsApp kabi raqamli platformalarda ham tomosha qilish imkoniyati bo’ladi”, - deydi Rozenfeld.

Dastur o’quv markazlariga ham uzatiladi. Tashkilot mutaxassislari salkam 800 ming murabbiyga uch yoshgacha bo’lgan “toksik stress”ga chalingan bolalar bilan ishlashni o’rgatadi.

Uzoq muddatli qiyinchilik bolaning miyasiga zarar yetkazib, “toksik stress”ga sabab bo’ladi. Natijada bola o’ziga shikast yetkazishi, joniga qasd qilishi, tajovuzkor harakatlarga qo’l urishi mumkin.

“Bolalarni asrang” tashkilotiga ko’ra, Suriyada urushdan azob chekayotgan millionlab bolalar “toksik stress”ga chalingan bo’lishi mumkin va kech bo’lmasdan ularga yordam berish kerak.

BMTning Bolalar jamg’armasi YUNISEF hisobicha, 1,75 million suriyalik bola ta’lim olishdan mahrum, 2,6 millioni uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan, aksariyati qochqin bo’lib yashamoqda.

Qo’shni Iroqda esa bir milliondan ziyod bola sarson, to’rt millioni yordamga muhtoj.

Jabrdiyda bolalar

Iroq rasmiylari “Islomiy davlat” jangari to’dasi qo’lida tarbiya olgan, tashviqotiga uchgan bolalar taqdiridan xavotirda. 2000 ga yaqin ana shunday bola ruhiy yordamga muhtoj.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarning bildirishicha, qattiq zo’ravonlikdan jabr ko’rgan bolalarning aksariyati yaxshi ta’lim va ruhiy yordam olmaydi.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasiga ko’ra, gumanitar yordam uchun sarflanayotgan milliardlab dollarning atigi ikki foizi ta’lim yoki bola taraqqiyoti uchun ajratiladi.

“Sezam darsxonasi” tashkiloti xodimi Rozenfeldning aytishicha, guruh o’z loyihasida o’zaro hurmat, xilma-xillik, hammani birday ko’rish, jinsiy tenglik kabi fazilatlarga urg’u berish orqali zo’ravonlik va ekstremizmdan jabr ko’rgan bolalar ruhiyatini tiklamoqchi.

Agar dastur bu maqsadga erisha olsa, tashkilot uni boshqa mintaqalardagi mojaro zonalarida ham qo’llaydi.

Sezam mashg’ulotlari

“Sezam darsxonasi” o’z ko’rsatuvlarini Afg’oniston, Nigeriya, Falastin, Isroil va Kosovo uchun moslashtirib, namoyish etdi.

Masalan, Tolibon kabi ekstremist guruhlarning harakati tufayli ayollar huquqlari cheklangan Afg’oniston qishloqlarida “Sezam ko’chasi” “Bog’chai Simsim” nomi bilan efirga uzatilmoqda. Bosh qahramon – hijob kiygan Zari ismli 6 yashar qo’g’irchoq bo’lib, u maktabda o’qishni, kelajak haqida orzu qilishni yaxshi ko’radi.

Ko’rsatuv ta’sirini o’rgangan bir tashkilotning bildirishicha, “Bog’chai Simsim”ni tomosha qilganlar orasida qizlar va bolalarning teng qobiliyatga ega ekanini tan oluvchilar dasturni tomosha qilmaganlarga qaraganda 29 foizga ko’proq ekan.

Yana bir izlanish natijasiga ko’ra, ko’rsatuvni tomosha qilgan Isroil va Falastinlik bolalar o’zgalarning fikrini qabul qilish va muammoni hal etish uchun muloqot kerakligini tan olishga moyilligi aniqlandi.

Ayrim ekspertlarning fikricha, bolalarni dastur yordamida tarbiyalash va tolerantlikni targ’ib qilish terrorga qarshi kurashning samarali yo’llaridan biri bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG