Breaking News

Amerika adliya vaziriga tanqidlar yog'ilmoqda


Jeff Seshns Adliya vazirligida matbuot bilan uchrashmoqda. 2-mart, 2017-yil.
Jeff Seshns Adliya vazirligida matbuot bilan uchrashmoqda. 2-mart, 2017-yil.

AQSh Adliya vaziri Jeff Seshns Rossiyaning AQShda prezident saylovlariga aralashgani yuzasidan biror tergovni nazorat qilishda qatnashmaydi.

Seshns o'tgan yili saylov oldidan Rossiyaning Amerikadagi elchisi bilan ikki bor ko'rishgani ayon bo'ldiyu, vazir tanqidga qoldi. Prezident Tramp adliya vaziriga ishonishini aytsa, demokratlar Seshns ishdan ketsin, demoqda.

Adliya vaziri Jeff Seshns ishga kirganiga atigi uch hafta bo'ldi. Oxirgi xabarlar ortidan u matbuotga aniqlik kiritishga urindi.

"Qo'shma Shtatlarda prezident saylovlari oldidan o'tgan kampaniyaga doir har qanday tergovdan chetda yuraman", - deya va'da berdi u.

Rossiya elchisi Sergey Kislyak
Rossiya elchisi Sergey Kislyak

Vazir o'tgan yili Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan uchrashgani haqidagi xabarlar ketidan savolga ko'mildi. Yanvarda xizmatga kirishish oldidan Senatdagi tinglovda u bu muloqot haqida ochiq-oydin gapirmagan.

Seshns Trampni prezident poygalarida eng oldin qo'llab-quvvatlaganlardan. Senatda so'zlar ekan, u so'nggi da'volarni qat'iyan rad etdi.

"Yana bir bor aytaman, Rossiya odamlari yoki agentlari bilan Tramp kampaniyasini muhokama qilish uchun uchrashmadim. Trampning xodimlari va Rossiya hukumati o'rtasida davomiy axborot almashishda qatnashganim haqidagi ayblovlar g'irt yolg'on", - deydi Seshns.

Mashmashaga qaramay, Tramp vazirni himoya qilishda davom etmoqda.

Payshanba kungi bayonotida prezident Seshnsni "rostgo'y inson" deya ta'rifladi.

Kapitoliydagi respublikachi qonunchilar ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda.

"Faktlar asosida xulosa qilishga tayyormiz, hozircha dalillar yo'q", - deydi senator Joni Ernst.

Ammo demokrat kongressmenlar adliya vaziri ketishini talab qilmoqda.

Mamlakat manfaati uchun adliya vazirligi shaffof, gard yuqmagan bo'lishi lozim. Shunday ekan, Seshns lavozimidan ketishi kerak.
Senatda ozchilik demokratlar sardori Chak Shumer

"Adliya vaziri xolis ekaniga zarracha shubha bo'lmasligi kerak. U mamlakat adliya tizimini yuritadi axir", - deydi Chak Shumer, Senatda ozchilik demokratlar sardori.

"Jeff Seshns bu talabga javob bermasligi ayon bo'ldi. Mamlakat manfaati uchun Adliya vazirligi shaffof, gard yuqmagan bo'lishi lozim. Shunday ekan, Seshns lavozimidan ketishi kerak", - deydi Shumer.

Bu orada, vazirlik yonida namoyishlar.

Vashingtonlik Daniel Ingram xavotirini yashirmayapti.

"Vazir rus elchisiga nimalar debdi? Bu haqda ochiq-oydin aytmagani, rost gapirmagani odamga erish tuyuldi. Amerikaning adliya vaziriga yarashmaydigan ish bu", - deydi suhbatdosh.

Bu mojaro hali uzoq vaqt davom etishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG