Amerika senatori: Yangi afg'on strategiyasi samara berishiga vaqt kerak

  • Amerika Ovozi

Demokrat senator Jinn Shahin

Afg'onistonga oxirgi bor 2011-yilda borgan AQSh senatori Jinn Shahinning aytishicha, Tramp ma'muriyatining olti oy oldin qabul qilingan Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasi natija berishi uchun vaqt kerak.

"Biz mamlakatdagi qo'shinlarimiz sonini atigi 3000 taga oshirdik, shunga birmuncha vaqt o'tsin. Afg'oniston hukumati mudofaa salohiyatini oshirmoqda. Afg'on milliy xavfsizlik kuchlari bilan ishlashimiz kerak. Mamlakatdan hali-beri ketmaymiz", - dedi demokrat-senator "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

AQSh va xalqaro kuchlarning Afg'onistondagi qo'mondoni general Jon Nikolsonning aytishicha, Afg'onistonda jangarilarni yengish uchun qo'shni Pokiston ularning yetakchilariga qo'nim bermasligi, makonlarini nishonga olishi kerak.

Nyu-Gempshir shtatidan Senatga saylangan Shahin nazarida, Qo'shma Shtatlar diplomatiyani ishga solib, Pokistonga bu masalada bosimni oshirishi zarur.

"Pokistondan turib Afg'onistonga hujum qilayotgan, tinchini buzayotgan jangarilarga qarshi chora ko'rish ham Afg'oniston, ham Pokiston manfaatlariga xizmat qilishini Islomobodga yetkazib turishimiz kerak", - deydi senator ayol.

Jinn Shahin Rossiya Afg'onistonda Tolibon bilan til biriktirgani haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini aytdi.

"Nazarimda Rossiya bu va boshqa harakatlari bilan AQSh va G'arbning Afg'oniston va boshqa mamlakatlardagi ta'sirini tushirishga urinmoqda. Afg'onistonni bir marta bosib olgach, ular endi strategik manfaatga egamiz, deb o'ylayotgan bo'lsa kerak. Bizning maqsadimiz - ularning Afg'onistonda qolmasligini ta'minlash", - deydi senator.

Senator Shahin Afg'onistonda AQSh qo'shinlariga yordam bergan mahalliy mutaxassislar, tarjimonlarga Amerikaga kelish uchun maxsus immigratsion viza dasturini qo'llab-quvvatlagan qonunchilardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG