Olti kunlik urush: Yaqin Sharqni larzaga solgan voqeaga 50 yil to'ldi

  • Amerika Ovozi

5-iyun kuni Isroil Misr havo kuchlarini yakson qilganiga 50 yil to’ladi. Shu yo’l bilan yahudiy davlati Misr, Iordaniya va Suriyani yenggan edi. Tarixga bu voqea “Olti kunlik urush” nomi bilan kirgan. Tahlilchilarning aytishicha, bu urush AQSh-Isroil aloqalarida hamda Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatida o’zgarish yasagan. Ammo bu harbiy g’alaba Isroil uchun Xudoning ne’matimidi yoki qahri? Bu haqda bahslar ko’p.

Isroilning 1967-yil iyun oyida arab qo’shnilari ustidan tezlik bilan g’alaba qozonishi dunyoni va hatto isroilliklarning o’zini ham hayratga soldi. Tahlilchilar bu urush AQSh-Isroil aloqalarida hamda Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatida o’zgarish yasaganini aytadi.

“Isroilning birlashgan arab armiyalarini yengib, hududlarni egallab olishi Isroilga arab davlatlari bilan muzokaralarda ustun turish imkoniyatini berdi. 1967-yilgi urush natijasi hamda Misr-Isroil tinchlik kelishuvi o’rtasida bevosita bog’liqlik bor”, - deydi Brukings insistuti tahlilchisi Tamara Uittis.

Isroil butun Quddus ustidan nazorat o’rnatib, qo’shnilari o’rtadagi bufer zonalarni kengaytirdi.

“1967-yilda, har tomondan dushmanlar kelayotgan paytda hududni kengatirish harbiy va strategik jihatdan juda muhim”, - deydi yana bir tahlilchi Sara Yerkes.

Ammo hududning kengayishi Falastin aholisining katta qismini Isroil nazorati ostiga o’tkazdi. Oradan 50 yil o’tsa ham bu hududlar hanuz beqaror. Isroillik va falastinliklarning ikki avlodi bir-biri bilan muntazam nizolashib keladi.

“Yosh isroilliklar va falastinliklar ota-onalariga qaraganda ikki davlatchilik yechimi ishlashiga kamroq ishonadi. Lekin har ikki aholining aksariyati ikkita davlat qurish eng yaxshi natija ekanini aytadi. Ammo bu narsaning ular hayot paytida amalga oshishiga ishonch tobora kamayib bormoqda”, - deydi Uittis.

Yaqinda Isroilga qilgan tashrifi davomida AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroil-Falastin mojarosini hal etish ahdida qat’iy ekanini ta’kidladi. U har ikki tomon ham tinchlik istashiga ishonishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG