Din

Nyu-Jersi shtatidagi shaharcha yangi masjidga qarshi emas

  • Amerika Ovozi

Nyu-Jersi shtati musulmonlari

Nyu-Jersi shtatidagi Bernards nomli shaharcha besh yildan beri masjid qurilishiga qarshilik bildirib kelar edi. Masala hatto sudga oshirilgan edi. Mahalliy musulmonlar ularning e'tiqodi oyoqosti qilinmoqda, deya arz qilgan. Bugunga kelib, hokimiyat yangi masjid bunyo etishga rozi.

27 ming aholiga ega Bernards shaharchasida 50 musulmon xonadon bor. 2012-yilda ular uchun markaz qurish rejasi tuzilgan.

Dastlab yer sotib olish uchun ruxsatnoma rad etildi. Keyinroq esa qurilish uchun yo'l berilmadi. Har safar qonuniy va ma'muriy sabablar ko'rsatildi.

Loyihaga 2016-yildan beri shaharchaning sobiq meri Muhammad Ali Chodriy boshchilik qilmoqda. U rahbarligida federal sudga shikoyat qilindi. O'tgan yilning oxirida masalaga Adliya vazirligi aralashib, shaharcha hokimiyatini diskriminatsiyada aybladi.

Bu hafta Bernards rahbariyati murosa e'lon qildi. Unga ko'ra, musulmonlarga 3 million 250 ming dollar tovon to'lanadi va masjid qurish uchun zarur yer va barcha ruxsatlar beriladi. Musulmonlarni himoya qilgan advokatura esa 1 million 750 ming dollar xayriya qilib, jamoaga yordam beradi.

Muhammad Ali Chodriy (o'rtada) loyihaga rahbar
Muhammad Ali Chodriy (o'rtada) loyihaga rahbar

Voqea Amerika bo'ylab olqishlanmoqda. Amerika diniy erkinlikka asoslangan jamiyat, deydi Adliya vaziri o'rinbosari Tom Uiler.

“Federal qonunlar barcha diniy jamoalarga xohlaganidek ibodat qilish va o'zi uchun zarur dargohlarga ega bo'lish huquqini beradi. Biz erkin yurtmiz", - deydi Uiler.

Chodriy, endilikda, mahalliy musulmon lider, deydiki, masjid hamma uchun ochiq bo'ladi, qay din vakili bo'lishidan qat'i nazar.

Bernards hokimiyati hech qachon biror musulmonni kamsitmaganini qayd etib keladi. Lekin Chodriyning aytishicha, atigi 70 musulmon namoz o'qishi uchun joy kerak bo'lganida ruxsat berilmagani butun mamlakatni o'ziga qaratdi.

Hokimiyatga ko'ra, ayb aslida zarur hujjatlar puxta emasligida edi. Musulmonlar rahbariyatni asossiz aybladi va federal hukumatgacha chiqdi, deydi Maykl Terner, shaharcha rasmiysi.

Bernards bag'rikeng joy, deya eslatadi u, axir pokistonlik muhojir Chodriyning o'zi bir necha yil davomida merlik qilgan.

Adliya vazirligida Diniy diskriminatsiya bo'yicha bosh prokuror Erik Trin ta'kidlashicha, ayni damda AQShda by borada 100 ga yaqin tergov ishi ketmoqda va 20 sud ishi avjida. Bu ishlarning 70 foizi aynan yangi masjid va islomiy markazlar qurish bilan bog'liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG