Breaking News

O't o'chiruvchilar desanti qanday ishlaydi? Aydaxodan reportaj


O'z o'chiruvchi
O'z o'chiruvchi

O’t o’chiruvchilar desantining ishi murakkab va xavfli. Ularning ishi yong’in chiqqan joyga parashyut bilan sakrab, yolg’iz bolta va arra bilan alangaga qarshi kurashish. Ular o’rmonda, dashtu biyobonda yo’lini topib ketadigan, hayotini tabiatni asrashga baxshida qilgan odamlar.

Kris Yang Aydaxoning Greynjvil shahrida joylashgan o’t o’chiruvchilar desanti bazasiga 15 yil oldin kelgan.

O’shanda bu ish bilan faqat ikki kishi shug’ullanar edi – Yang va uning sherigi.

Bugunga kelib bazada 30 dan ziyod mutaxassis ishlaydi, barchasi yuqori malakali o’t o’chiruvchi. Desantda ishlash uchun parashyut bilan sakrashni o’rganishgan.

“Yong’in joyiga tez yetib boramiz, chunki qanotlarimiz bor. Samolyot to’g’ri chiziq bilan uchadi buning uchun. Odatda quruqlik bilan o’tib bo’lmaydigan hududlarga uchamiz”, - deydi Kris Yang.

Uning aytishicha, o’t o’chiruvchi desantchi bo’lish uchun kamida besh oylik tayyorgarlikdan o’tish kerak.

Sirena chalishi bilan o’t o’chiruvchilarda tayyorgarlik uchun uch daqiqa bor. Maxsus kiyimni kiyish osonmas, shuning uchun ular juftlikda ishlashadi.

“Kombinezonlarni shu yerda o’zimiz tayyorlaymiz. Birorta do’kondan sotib ololmaysiz. Ularni kevlar materialidan qilamiz. Chunki uni teshib bo’lmaydi. Parashyutchi o’t o’chiruvchi daraxt tomon uchayotganda katta shoxlariga duch kelishi mumkin. Material o’ta mustahkam”, - deydi Yang.

O’t o’chiruvchilarning oyoq kiyimi ham juda pishiq, maxsus idishga suv, qo’lqop, kaska, alangadan boshpana va boshqa anjomlar solinadi. Zaxirada yana bitta parashyut bor.

“Albatta, shuncha narsa bilan uchish noqulay, qizib ketasiz, ammo ish juda ham qiziq, hayajonli. Samolyotga chiqqandan so’ng yuqoridan alangali manzarani tomosha qilish zavq bag’ishlaydi, so’ng sakrab vazifani bajarishga kirishasiz”, - deydi Krisning sherigi Rayli.

Raylining bu ish bilan shug’ullanayotganiga hali bir yil ham bo’lmadi. Shu paytga qadar beshta missiyada ishtirok etdi.

“Samolyot havoga ko’tarilmasidan yurak urishi tezlashadi. Havoda yana hayajon bosadi. So’ng yerdagi manzilga qaraysiz, so’nggi ko’rsatmalarni olasiz. Mashqlarda olingan bilimlarni yana bir eslab, samolyot eshigining yoniga borasiz”, - deydi u.

Qanotli o’t o’chiruvchilar alanga markazidan xavfsiz masofadagi bor joyga qo’nadi. So’ng havodan maxsus bolta va arra solingan quti tushishini kutadi.
Ish tugagach, o’t o’chiruvchilar oldindan kelishilgan manzilga borib, u yerdan maxsus transportda bazaga qaytishadi. Ba’zida bu manzilgacha bir necha kilometr yayov yo’l yurishga to’g’ri keladi.

Odatda may oyidan sentabr oxirigacha ish juda ko’p bo’ladi. Boshqa paytda esa qanotli o’t o’chiruvchilar an’anaviy o’t o’chirish stansiyasida ishlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG