Breaking News

Snouden haqida kino, razvedka xulosasi


“Vatanparvarlik hukumat bilan fikrdosh bo’lishni anglatmasligi mumkin”, - deydi hozirda Rossiyada yashayotgan Edvard Snouden
“Vatanparvarlik hukumat bilan fikrdosh bo’lishni anglatmasligi mumkin”, - deydi hozirda Rossiyada yashayotgan Edvard Snouden

AQSh Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi Edvard Snouden ishining maxfiy bo’lmagan qismlarini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Milliy xavfsizlik agentligi pudratchisi Snouden 2013-yilda 1,5 millionta maxfiy hujjatni o’g’irlab, matbuotga uzatgan.

Ishning o’zi xavfsizlikka oid jiddiy sabablarga ko’ra maxfiy hisoblanadi.

Oshkor etilgan besh xulosa esa qo’mita ikki yild davomida masalani o’rganganidan keyin qilingan. Birinchisiga ko’ra, Snouden milliy xavfsizlikka nihoyatda katta zarar yetkazgan. Snoudenning o’zi hujjatlarni hukumat fuqarolarni yashirin tarzda kuzatayotganini ma’lum qilish uchun o’g’irlaganini aytganiga qaramay, ma'lumotlarning aksariyati AQSh harbiy, mudofaa va razvedka faoliyatiga oid bo’lgan.

Ikkinchi xulosa shuki, Snoudenni jamiyat manfaatlari deb ma’lumotni oshkor etgan odam deb ta’firlash noto’g’ri. Ingliz tilidagi “whistleblower” atamasi maxfiy ma’lumotni oshkor etib, firibgarlik yoki boshqa turdagi noqonuniy faoliyatni fosh etgan shaxsni anglatadi. Qo’mita nazarida Snouden bunday qonunbuzarliklarni oshkor etmagan.

Uchinchi xulosa: maxfiy hujjatlar nusxasini ola boshlashdan ikki hafta oldin Snouden boshlig’i bian aytishib qolgan va xayfsan olgan.

To’rtinchi xulosa: hujjatlarni og’irlashdan oldin Snouden bir necha marta yolg’on gapirgan yoki haqiqatni bo’rttirgan. U armiyadan oyoqlari singani uchun ketganini aytgan, aslida esa boldir suyaklari darz ketgan bo’lgan. U maktabni tugatganini aytgan, aslida esa o’rta ta’lim haqidagi guvohnomasi bo’lmagan.

Va nihoyat, Snouden hujjatlarni o’g’irlaganidan uch yil o’tib, Milliy xavfsizlik agentligi bunday ishlar boshqa takrorlanmasligini kafolatlash uchun yetarli choralar ko’rmagan.

Aktyor Jozef Gordon-Levitt Edvard Snouden rolini ijro etdi
Aktyor Jozef Gordon-Levitt Edvard Snouden rolini ijro etdi

So’nggi haftalarda Snouden ishiga qiziqish yana kuchaydi. 16-sentabr kuni taniqli rejissor Oliver Stounning Snoundenni qahramon va haqiqatgo’y qilib tasvirlagan filmi katta ekranga chiqdi.

Inson huquqlari tashkilotlari Prezident Barak Obamaga murojaat qilib, Snoudenni avf etishni va bu bilan AQShga qaytishga ruxsat etishni so’ramoqda. Agar avf etilmay, vataniga qaytsa, u josuslikda ayblanib, qamalishi mumkin.

Snoudenni qoralaydiganlar juda ko'p. Maxfiy ma’lumotlarni Rossiya va Xitoyga uzatib, kechirib bo’lmaydigan ish qilgan, deydi ular. Obama ma’muriyati uni avf etish haqdagi murojaatlarga rad javobini bergan.

Snouden AQShga qaytsa adolatli sudlanmasligini aytgan edi.

“Men hakamlarga qilgan ishimning sabablari haqida ochiq-oydin aytib berolmayman, chunki qonun bunga ruxsat bermaydi. Ayblanuvchi o’zini himoya qila olmasa, qanday qilib adolatli sud haqida gapirish mumkin?” - dedi u “Nyu York Tayms” gazetasiga bergan eksklyuziv intervyusida.

Snouden uni avf etishni so’rab, Obamaga murojaat qilganlardan minnatdor.

“Vatanparvarlik hukumat bilan fikrdosh bo’lishni anglatmasligi mumkin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG