Breaking News

G'arb hukumatlari aholini pensiya bilan ta'minlashga qiynalib qolishi mumkin


G'arb hukumatlari aholini pensiya bilan ta'minlashga qiynalib qolishi mumkin
G'arb hukumatlari aholini pensiya bilan ta'minlashga qiynalib qolishi mumkin

Bugun ko’p bolali oilalarni uchratish qiyin. Sabab - farzand tarbiyasi qimmat, odamlarning vaqti ham yo’q. Bu hol rivojlangan mamlakatlarda ayniqsa ko’p kuzatiladi.

Aholi soni kamayar, iqtisodiy ahvol og’ir ekan, hukumatlar nafaqa pulini ta’minlab berishi muammoga aylanmoqda.

Jahon Banki tadqiqotlariga ko’ra, dunyo bo’ylab tug’ilish soni keskin pasaygan, iqtisodiy inqiroz va tug’ilish sur’ati sust. Bular birgalikda nafaqaga chiqaman deb turgan odamlar uchun yaxshi xabar emas, deydi Ijtimoiy himoya akademiyasi xodimi Ben Vakte.

“Nafaqa puliga kun ko’rayotganlar hozir qiyin ahvolda. Vaziyat kelajakda yanada og’irlashadi degan xavotirlar mavjud”.

AQShda hukumat pensiya puli va boshqa ijtimoiy yordamni mehnatkashlar to’laydigan soliqqa qarab belgilaydi.

Ikkinchi Jahon urushidan keyin tug’ilgan avlod pensiya yoshiga yetar ekan, yaqin kelajakda AQShda soliq to’laydigan ishchilardan ko’ra nafaqaxo’r fuqarolar soni oshib ketadi. Bu esa 2037 yilga borib, katta muammo tug’dirishi mumkin, deydi mutaxassis Maykl Astru.

“Agar Kongress biror qaror qabul qilmasa, kelajakda pensiya miqdorini 20-25 foizga qisqartishga majbur bo’lamiz”.

Bu muammo yechimi ustida bosh qotirayotgan faqat Qo’shma Shtatlar emas.

“Xitoy bir oilaga bir farzand siyosati qanchalik noto’g’ri ekanini yaqin kelajakda his qiladi. Pensiya yoshiga yetganlar va asosiy mehnat kuchi orasida nomutanosiblik Xitoyda juda ham yuqori”, - deydi Astru.

Global iqtisodiy inqiroz esa ahvolni yanada ham qiyinlashtirdi.

“Yevropada, xususan Gretsiyada pensiya, ishchilar to’laydigan soliq hisobiga hosil bo’ladi. Hukumatlarning alohida pensiya uchun zaxirada puli bo’lmaydi. Iqtisodiy tanazzul oqibatida odamlar ishsiz qoldi. Minglab ish o’rinlari boy berildi. Bu bevosita nafaqaxo’rga ham salbiy ta’sir ko’rsatgan.

Yil boshida Gretsiya iqtisodi jar yoqasiga kelib qolganda, minglab greklar pensiya pullarini talab qilib namoyishga chiqdi.

“Bugungi sharoitda 500-600 yevroga kun ko’rib bo’lar ekanmi ? Hukumat shuni ham ko’p ko’ryapti. Biz haqimizda endi kim qayg’uradi? Ishsiz farzandlarimizmi?”, - deydi namoyishchilar.

Yevropadagi ba’zi davlatlar va Qo’shma Shtatlar pensiya defitsitini yo’qotish uchun pensiya yoshini uzaytirib, soliqlarni oshirmoqchi. Mehnat muhojirlari sonini ko’paytirish ham qol’ keladi, deydi Ben Vakte.

“Xorijdan keladigan mehnat muhojirlar kvotasini oshirish bilan hukumat nafaqa muammosini hal qilishi mumkin”.

Yaqin kelajakda pensiya yoshiga yetadiganlar qarilik gashtini surib, rohat-farog’atda yashashi uchun hukumatlar hozirdan harakat qila boshlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG