Breaking News

Janubiy Koreya cherkovi rahbari koronavirus uchun xalqdan uzr so'radi


Li Man Xi televideniye orqali uzr so'ramoqda
Li Man Xi televideniye orqali uzr so'ramoqda

So’nggi ikki haftada Janubiy Koreyada 5000 dan ortiq odamning koronavirus yuqtirgani aniqlandi. Shularning yarmidan ko’pi bir guruhga aloqador ekani ma’lum. Tegu shahridagi “Shinchxonji” nasroniy mazhabi a’zolari omadi chopmaganini aytadi, ammo boshqalarning aytishicha, maxfiy diniy sektadagilar hukumat buyurgan profilaktik tadbirlarni pisand qilmagani bois kasallangan.

Bu Shinchxonji Iso cherkovi. Uning rahbari Li Man Xi o’zini Injil bashorat qilgan odamlardan ekanini aytib, Iso payg’ambar nomidan gapirishini da’vo qiladi.

Biroq endi u vatandoshlari oldida uzr so’ramoqda. Mamlakatda koronavirusning paydo bo’lishida uning cherkovini ayblashmoqda.

“Shinchxonji rahbari sifatida Janubiy Koreya xalqidan samimiy uzr so’ramoqchiman“, - dedi u.

Shinchxonji diniy guruhining Tegudagi bosh idorasi vaqtincha yopilgan. Cherkovda ham ibodatlar to’xtatilgan.

“Shinchxonjidan odamlarga foyda yo’q. Aksincha, jamiyatga turgan bitgani zarar”, - deydi guruh idorasi yonida yashovchi bir odam.

“Oshxonada ovqatlanishdan qo’rqib qolganman. Cherkov a’zolari mahallamizga tez-tez kirib turishadi”, - deydi bir ayol.

Koronavirus bilan kasallangan 61 yashar bir ayol cherkovga ikki marta qatnab, virusni ko’plab odamlarga yuqtirgan. Unda koronavirus borligi aniqlanganida kech bo’lgan edi. Guruh sobiq a’zosi Kim Chun Irning aytishicha, cherkov rahbariyati odamlar kasal bo’lsa ham cherkovga qatnashga majbur qilardi.

“Cherkovga qatnamaganlar guruhdan haydaladi, a’zolar shundan qo’rqadi”, - deydi u.

Guruhga olti yil a’zo bo’lgan Kim uni 2004-yilda tark etgan. Endi esa boshqalarni ham shunga undayapti.

“Diniy aqidalarini odamlarga o’tkazib, ularning miyasini aynitishga harakat qilishyapti”, - deydi Kim Chun Ir.

Shinchxonjining ba’zi tadbirlari ochiq o’tkaziladi, ba’zilari esa oshkor etilmaydi. A’zolari ta’qibdan qo’rqib, ma’lumot ulashmaydi, a’zoligini oshkor qilmaydi. Bu esa koronavirusga analiz olish vazifasini qiyinlashtirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG