Breaking News

Janubiy Koreyada raketa tizimiga qarshilar namoyishga chiqdi


Seulda namoyishlar. 21-iyul 2016-yil
Seulda namoyishlar. 21-iyul 2016-yil

Payshanba kuni Janubiy Koreya poytaxtida minglab odamlar ko’chalarga chiqdi. Ular AQSh raketa mudofaa tizimining o’rnatilishidan norozi va mahaliy aholi xavfsizligi ustuvor masala bo’lishi kerak, demoqda.

Faollarning matbuot anjumanida aytishicha, yangi raketa tizimi mintaqada vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin. Xususan, Xitoy va Rossiya bundan buyon Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlashdan bosh tortsa, rasmiy Pxenyan yadroviy dasturni yana davom ettiradi, demoqda namoyishchilar.

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gin He tizimni o’rnatish qarorini himoya qildi. Shimoliy Koreya tahdidi oshayotgan davrda xalq birdamlik namoyish qilishi kerak, dedi.

"Agar jamiyatda biz mamlakatni va odamlarimiz hayotini himoya qilish uchun qabul qilishga majbur bo’lgan qaror yuzasidan bunday tarqoqlik va tartibsizlik hukm sursa, Shimoliy Koreya murodiga yetgan bo’ladi”, - dedi u.

Mudofaa

Kim Chen Un hukumati shu yil to’rtinchi marta atom bombasi va uzoq masofali raketani sinaganidan so’ng Shimoliy Koreyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etilgan edi.

So’nggi oylarda kommunistik davlat qurol-aslaha tizimini takomillashtirish maqsadida qator sinovlar o’tkazdi. Yaqin kelajakda esa yana bir atom bombasi sinalishi mumkin, degan ma’lumot bor.

Janubiy Koreyada AQSh yordamida barpo etilayotgan raketa tizimi esa katta balandlikda uchayotgan raketalarni topib yo'q qilish imkonini beradi. Hukumat rasmiylari bu bilan mamlakatning katta qismi Shimoliy Koreya hujumlaridan himoyalanadi, demoqda.

Ammo tizimning o’rnatilishiga qarsi chiqayotganlar Shimoliy Koreya chegarasiga yaqin joylashgan Seulni bu tizim himoya qilolmasligini aytadi.

Janubiy Koreya harbiylari poytaxt mudofaasi o’laroq “Patriot” raketa tizimini kuchaytirish niyatida.​

Diplomatiya

Faollar fikricha, yangi raketa tizimi yarimorolda kuchlar muvozanatini o’zgartirmaydi, biroq oqibatda Shimoliy Koreya yadroviy qurollarni kamaytirish haqdagi xalqaro hamjamiyat talablarini e'tiborsiz qoldirishi mumkin.

“Janubiy Koreya Xitoy va Rossiya ishonchini yo’qotdi”, - deya fikr bildiradi Janubiy Koreyaning Chan-An universiteti professori Li He-chon.

Xitoy va Rossiya BMTning Pxenyanga nisbatan keskin sanksiyalarini ma’qullagan. Ammo ikki davlat AQSh yordamida Janubiy Koreyada qurilayotgan raketa mudofaa tizimiga qarshi.

Mahalliy xavotirlar

Payshanba kuni Seul ko’chalariga chiqqan qariyb 2000 odamning aksariyati - yangi tizim o’rnatilishi kutilayotgan hudud aholisi. Ular orasida Senju viloyati gubernatori ham bor edi.

Senju fuqarolari elektr-magnit radiatsiyaning inson salomatligiga hamda qishloq xo’jaligi mahsulotlariga zararidan xavotirda.

Xavotirlarning asossiz ekanini namoyish qilish maqsadida Janubiy Koreya va AQSh harbiylari Guamdagi shunga o’xshash raketa tizimi hamda “Patriot” tizimida sinovlar o’tkazdi va radiatsiya darajasini tekshirdi. Radiatsiya belgilangan me’yorlardan oshmagani ma’lum bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG