“Space X” kompaniyasi yaqinda Kaliforniyadan yana bitta raketa uchirib, orbitaga sun’iy yo’ldoshlarni chiqardi. Xususiy kompaniyaning koinot kengliklaridagi muvaffaqiyatlaridan boshqa firmalar va tadqiqot markazlari ham ruhlanmoqda.
“Kosmosda uyg’onish davri desak ham bo’ladi. Tijoriy sektorning fazoviy loyihalarga qiziqishi uyg’onib, ajoyib narsalarga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi "Planet" kompaniyasidan Vil Marshal.
Bu loyihalarning nafaqat koinotda ish olib borayotgan odamlarga, balki Yerdagilarga ham foydasi bor.
“Yerni turli burchaklardan har kuni tasvirga tushirayotgan 200 ga yaqin sun’iy yo’ldosh ishlab turibdi. Ilgari bunday tasvirlar bir yilda bir yoki bir necha yilda bir marta suratga tushirilardi”, - deydi mutaxassis.
Bir yil davomida olingan tasvirlarda “Tesla” kompaniyasining Gigazavodi qurilishi jarayonini ko’rsa bo’ldi yoki Misrdagi bandargoh ishini.Ushbu texnologiyaning qo’llanilishi Yerdagi hayotga bilvosita yoki bevosita ta’sir qilishi mumkin.
“Masalan, sun’iy yo’ldoshdan olingan ma’lumotdan hosildorlikni oshirishda foydalansa bo’ladi – fermerlarga qachon o’g’it solish yoki sug’orish kerakligi aytiladi. Yoki xarita tuzuvchi kompaniyalar internetdagi xaritalarini mukammalashtirishi mumkin. Davlatlar esa bu ma’lumotlardan chegara xavfsizligini yaxshilashda yoki tabiiy ofatga qarshi chora ko’rishda foydalansa bo’ladi”, - deydi Marshal.
Milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi sun’iy yo’ldoshlar ham bor.
“Bir necha oy oldin orbitaga uchirilgan sun’iy yo’ldoshda lazer aloqa vositasi o’rnatilgan. U orqali Yerga sekundiga 200 megabit tezlikda katta hajmdagi ma’lumotlar uzatildi, bunday sun’iy yo’ldoshlar bir-biri bilan aloqa qila oladi. Yerni kuzatayotgan sun’iy yo’ldoshlardan ko’cha xavfsizligini ta’minlashda qo’llansa bo’ladi”, - deydi "Aerospace" kompaniyasidan Stiv Isakovich.
Yerni aylanayotgan Xalqaro fazo stansiyasi ham yirik kompaniyalar va ilmiy markazlarni qiziqtirmoqda. AQShning stansiyadagi laboratoriyasida fazogirlar yordamida Yer sharoitida o’tkazib bo’lmaydigan tajribalarni amalga oshirish mumkin.
“Tortishish kuchi o’zgarishi bilan boshqa harakatlarga guvoh bo’lamiz. Masalan, tortishish kuchi bo’lmasa, jinslarning cho’kish qobiliyati, qaynash yoki sovish kabi konveksiya jarayoni, suv yoki suyuqlikda suzish qobiliyati yo’qoladi”, - deydi Koinotda ilm-fanni mukammallashtirish markazi eksperti Jennifer Lopes.
Xalqaro fazo stansiyasi Yer atrofini bir sutkada 16 marta aylanib, o’ta yuqori haroratlar va nurlanishga duch keladi va turli tajribalar uchun o’ziga xos muhit bilan ta’minlaydi.
Stansiyadagi ayrim tajribalar Yerdagi odamlarga foyda keltirishi mumkin, masalan, suyagini yo’qotgan bemorlarga yordam berishi mumkin bo’lgan bir tajribani olaylik.
“Fazoda suyakning yo’qolishini va mushaklarning kichrayishini, vaznsizlikning biologik sistemamizga ta’sirini o’rganish foydalidir”, - deydi Lopes.
AQShning Fazoni o’rganish boshqarmasi insonni Oyga va Marsga yuborishga hozirlik ko’rarkan, tijoriy kompaniyalarning koinotning Yerga yaqin hududlarini o’rganishga qiziqishi tobora ortib bormoqda.
Facebook Forum