Breaking News

Koinotda nima gap?


Ketayotgan hafta koinotda hayot izlarini qidirayotgan olimlar uchun omadli bo’ldi. Yerdan salkam 147 million kilometr uzoqlikdagi Zuhra sayyorasining yuqori kislotali bulutlar bilan qoplangan atmosferasida fosfin gazi topildi.

Yevropa janubiy rasadxonasi olimi Itziar de Gregorioning aytishicha, bu bilan Zuhrada hayot bor deb xulosa qilishga hali erta.

“Fosfinni ishlab chiqarayotgan kimyoviy moddaning nima ekanini hali bilmaymiz. Avval shu yo’nalishda izlanishlar olib borish kerak”, - deydi u.

Zuhra sayyorasini ilk bor 1960-yilda AQShning “Pioner-5” fazo apparati yordamida o’rganishga kirishilgan edi. Biroq so’nggi voqealar bu yulduzga qiziqishni kuchaytirdi.

Kanalizatsiya va ichaklar kabi kislorodsiz muhitda rivojlanadigan bakteriyalar rangsiz, zaharli fosfin gazini hosil qiladi. Fosfinning Zuhrada topilishi u yerda mikrobakteriyalar bor degan taxmin qilishga asos bo’lmoqda. Itziar de Gregorio izlanishlarni davom ettirish kerak, deydi.

Bu o’rtada AQSh va Yevropa fazo agentliklari Yer tomon kelayotgan asteroid yo’nalishini o’zgartirishga qodir fazo kemasini birgalikda qurishga kelishib oldi.

“Mazkur missiya bu texnologiyalardan qanday foydalanishni tushunishga imkon beradi. Bilyard o’yinini tasavvur qiling. Kichikroq bir kuch Yer tomon harakatlanayotgan asteroidga tegib, uning yo’nalishini o’zgartiradi. Biz buni hozir mashq qilsak, keyinchalik biz tomon kelayotgan asteroidga tayyor bo’lamiz”, - deydi germaniyalik olim Marko Fuks.

AQShning NASA fazo agentligi 2021-yil iyunida fazo kemasini asteroid tomon uchirib, uning yo’nalishini o’zgartirishga harakat qiladi. Agar missiya muvaffaqiyatli kechsa, Yevropa fazo agentligi ham 2024-yilda o’xshash missiyani amalga oshiradi.

Insoniyatga nafaqat asteroidlar, balki insonning o’zi ham xavf solmoqda. Koinotdan olingan tasvirlarga qaraganda, o’tgan oy Grenlandiya sirtidan 113 kvadrat kilometrlik muz qatlami ajralib chiqdi.

“Bu iqlim o’zgarishidagi favqulodda holatga yorqin dalildir. Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni kechiktiravermasdan uyg’onish payti keldi. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini darhol cheklashimiz, okeanlarda sayyoramiz maydonining kamida uchdan bir qismiga teng hududlarda qo’riqxonalar tarmog’ini yaratishimiz kerak”, - deydi “Grinpis” tashkilotidan Laura Meller.

Uning aytishicha, muzliklar erigani sari ularning o’rnida hosil bo’lgan qoraroq suvlar issiqlikni yutib, muzliklarning erishini tezlashtiradi, suv sathining ko’tarilishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG