Breaking News

Sudanlik talaba qiz inqilob ramziga aylandi


A'lo Saloh avtomobil tepasida turib, shiorlar bilan hammani ruhlantirmoqda

Sudanlik talaba A’lo Saloh mamlakat sobiq rahbari Umar Bashirga qarshi harakat ramziga aylandi. Prezident harbiy to’ntarish oqibatida hokimiyatdan ag’darilganiga qaramay, oq rangli milliy libosda avtomobil tepasida turgan Salohning surati va videosi mamlakat bo’ylab tarqalib, uni mashhur qildi. Biroq talaba o’zini inqilob siymosi deb bilmaydi.

22 yashar A’lo Salohning mashina ustida turib, namoyishchilarga jo’r bo’layotgan surati matbuot orqali tarqalib, mamlakatdagi barchaning diqqatini o’ziga tortdi. Xalqaro matbuot esa Salohni Sudan inqilobining ramzi deb atab, ayollarning isyondagi roliga e’tibor qaratdi.

“Inqilob zonasiga kirib qolganimda mashina ortida bir nechta qizni ko’rib qoldim. Ularni qo’llab-quvvatlagim keldi. Mashinaning ustiga chiqib, hayqira boshladim”, - deydi Saloh.

Umar Bashirning 30 yillik islomiy hukmronligi paytida ayollar e’tibor markazidan chetda qolib ketgan edi.

“Hayot juda qiyin edi. U insonlar hayotini barbod qildi”, - deydi bu juvon.

Saloh tushgan surat dunyoga tarqalganidan bir kun o’tib, harbiylar Bashirni hokimiyatdan oldi.

Biroq hamma ham Salohni o’z kurashining ramzi sifatida ko’rmaydi.

“A’lo namoyishchilardan biri. Sudan inqilobining siymosi emasligi aniq, axir bu inqilob uchun ko’plab odamlar jon berdi. Ular haqiqiy siymo bo’lishi mumkin edi”, - deydi bu odam.

24 yashar Nasrin Elsarimning aytishicha, Saloh dunyo e’tiborini Sudanga qarata oldi.

“U mard qiz, axir bu ishni qilish uchun, boshqa odamlarni ruhlantirish uchun mardlik kerak. Uning omadi ham bor ekan. Axir kerakli paytda kameraning oldida paydo bo’lib, kerakli ishga qo’l urish kerak. U shunday qildi”, - deydi Elsarim.

Salohning o’zi isyondagi rolini kamtarona baholaydi.

“Men ko’p millionlik namoyishchilardan biriman. Ular erkinlik, o’zgarish, adolat va tinchlik talab qilib ko’chaga chiqishdi. Bundan keyin mashinaning tepasiga chiqish shart emas. Odamlar bilan istalgan joyda hayqirishimiz mumkin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG