2019-yilda Sudanda harbiy to’ntarish oqibatida hokimiyatdan olingan sobiq prezident Umar Bashir va uning bir necha hamtovog’i ustidan 1989-yilda Bashirning hokimiyatga kelishiga yordam bergan harbiy to’ntarishga qo’l urish ayblovi bilan sud jarayoni boshlandi.
Bashir bungacha korrupsiyada aybdor topilib, o’tgan yil dekabrida ikki yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. U, shuningdek, namoyishchilarni o’ldirganlik gumoni bilan ham sudga tortilishi mumkin. Ayni paytda bu ish tergov qilinmoqda.
Mamlakatni 30 yil boshqargan Bashir o’tgan yil aprel oyida hokimiyatdan ag’darildi. Sobiq prezident advokatining aytishicha, 30 yil oldingi voqealarning tergov qilinishi sud ishi ortida siyosiy maqsad borligini ko’rsatmoqda.
Sud 11-avgustgacha tanaffus e’lon qildi. Bashir Xalqaro jinoiy sud tomonidan 2009-yilda Darfurdagi ommaviy qatliomlar va jinsiy zo’ravonliklarni buyurishda ham ayblanmoqda. Sudan muvaqqat hukumati uni xalqaro sudga topshirishga rozi bo’lgan.
Facebook Forum