Sudanni kelishib boshqarayotgan hukumat o’n yillab davom etayotgan nizoga barham berish maqsadida bir necha yirik isyonchi guruhlar bilan tinchlik bitimiga kelishdi.
Avgust oyida uchta yirik guruh bilan dastlabki kelishuv imzolangan edi. Yozgi muzokaralarda qatnashmagan Xalq ozodlik harakati bu gal muloqotda ishtirok etish istagini bildirdi.
Tinchlik bitimini imzolash marosimida Efiopiya va Chad prezidentlari hamda Misr va Uganda bosh vazirlari qatnashdi. Oylab davom etgan muzokaralar qo’shni Janubiy Sudanda o’tdi. Bu mamlakat rahbari Salva Kir xalqaro hamjamiyatdan iqtisodiy nochorlikka yuz tutgan Sudanga yordam berishga chaqirdi.
“Urush va toshqinlar natijasida vayron bo’lgan infratuzilmani qayta qurish uchun, mojaroga yetaklagan tengsizlikka barham berish uchun katta mablag’ kerak”, - dedi u.
Neftga boy Janubiy Sudan 2011-yilda Sudandan ajralib chiqqan, o’tgan yili Sudanning uzoq yillik prezidenti Umar Bashir hokimiyatdan ag’darilib, mamlakat boshqaruvi harbiy va noharbiy liderlar qo’liga o’tdi.
Tinchlik bitimiga ko’ra, isyonchilar xavfsizlik kuchlari tarkibiga qo’shiladi, siyosiy jarayonlarda qatnashadi, yerga egalik qiladi.
Sudanning qashshoq janubiy va g’arbiy hududlarini rivojlantirish hamda ko’chirilgan odamlarni uylariga qaytarish uchun kelasi 10 yil davomida yangi tashkil etilgan jamg’armadan har yili 750 million dollar ajratiladi.
Facebook Forum