Breaking News

AQShda transport sohasida muhim ilova va kompaniya yaratgan o'zbekistonlik


Bek Abdullayev
Bek Abdullayev

“Amerika Ovozi” dasturlarida AQShda muvaffaqiyatlarga erishayotgan o’zbekistonliklar haqida muntazam ravishda hikoya qilib turamiz. Bugungi qahramonimiz Bek Abdullayev.

AQShda transport sohasida muhim ilova va kompaniya yaratgan o'zbekistonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:55 0:00

Bek asli andijonlik bo’lib, maktabdagi a’lo baholari uchun AQSh maktabida o’qish imkoniga ega bo’ldi. AQSh Davlat departamentining “Bo’lajak liderlar almashinuv dasturi”da qatnashgan yigit keyinchalik AQSh hukumatining yana bir dasturiga tanlanadi va bir yil Missuri shtatidagi Park universitetida tahsil oladi. Kollejda tadbirkorlik sirlarini o’rgangan Bek bir nechta biznes boshladi, jumladan pitseriya ochdi.

Bek biznes ochish va yuritish haqida olgan bilimlarini ishga solib, Missuri shtatining Kanzas shahrida avtomobil tashuvchi kompaniyalarini bir-bir bilan bog’lovchi “Super Dispatch” platformasini yaratdi.

“Kichikligimdan tadbirkorlikka qiziqaman. Katta buvim pishirgan shirinliklarni sotardim. Tog’amning sexida ham ishlaganman. Amerikaga kelganda o’qish paytidayoq firmalar ochgandim. Do’stlarim bilan birgalikda. Ba’zilari daromadli bo’ldi, ba’zilarida ish yurishmadi. Mana shu tajribalarimning hammasi hozirgi “Super Dispatch” kompaniyasini barpo etishga yordam berdi”, - deydi tadbirkor.

Super Dispatch company
Super Dispatch company

2011-yilda Bek diqqatini yuk tashish sanoatiga qaratdi. Sohani o’rganib, haydovchilar bilan ko’p suhbat qildi. Ular bilan muloqotlaridan soha vakillari eski texnika va tartibsiz hujjatlar bilan ishlashayotganini bilib oldi. Shundan so’ng Bek avtomobil tashish sohasidagi odamlarga yordam berish maqsadida qog’oz bilan ishlashdn voz kechuvchi, hisob-kitob jarayonini yengillashtirishga imkon beruvchi veb-sahifa yaratdi. Biznes hali to’liq ishlamasidan yarim kun ichida 3000 dollardan oshiq pulga buyurtma tushdi. Shunda Bek boshqa hamma ishlarini tashlab, diqqatini shu yo’nalishga qaratdi.

“Biznes g’oyalar qayerdan kelib, sizni qayerga olib ketishini bilmaysiz. Ba’zan to’satdan bo’lib qoladi. “Super Dispatch” misolida aynan shunday bo’ldi. Bir qarindoshim bilan suhbatdan so’ng yuk haydovchilari bilan yo’lga chiqib, ikki oy davomida ularning muammolarini o’rgandim va eng kattasini texnologiya yordamida hal qilish mumkinligini tushundim. 2015-yilga borib avtovozda ishlovchi haydovchilar uchun ilk ilova yaratdik. Ilova shu qadar ommaviylashdiki, bir yil o’tib “TechStars” kompaniyasi bizni o’z qaramog’iga oldi. “TechStars” - startaplarga rivojlanishda yordam beruvchi dunyodagi uch kompaniyadan biri. Aytish joiz, biz “TechStar” qaramog’iga o’tgan nafaqat Kanzas shahridan chiqqan ilk kompaniya bo’ldik, balki 2016-yilda ilk o’zbek kompaniyasi ham edik. Shundan keyin “Super Dispatch” o’sishda va kengayishda davom etdi”, - deydi Abdullayev.

Ilova avtomobillarni tezroq va samaraliroq jo’natish va tashishda yordam beradi. Uning xizmatlariga talab oshishda davom etmoqda.

“2016-yilda 6 kishi bilan ish boshlagan edik. Bugun 7 mamlakatda 80 dan ortiq xodimlarimiz bor. Ayni paytda “Super Dispatch”ni avtomobil tashishda AQSh va Kanadada ilg’or platformaga aylantirishga harakat qilyapmiz. Avtomobil sanoati ulkan bo’lib, global miqyosda o’sishga imkoniyatlar talaygina”, - deydi tadbirkor.

“Bek bilan Park universitetida birga o’qiganmiz. U juda ham ochiq, xushmuomala, tanish orttirishga usta. Yoshi menikidan kattaroq bo’lgani uchun u menga ustozday, akaday. Undan ko’p narsalarni o’rganishga harakat qilyapman”, - deydi kompaniyada mahsulotlar bo’limi boshlig’i Otabek Yo’ldoshev.

Bek Abdullayev
Bek Abdullayev

Bekning aytishicha, haqiqiy tadbirkor qiziquvchan bo’lishi, boshqa tadbirkorlar xatolaridan o’rgana bilishi kerak, chunki bu omillar muvaffaqiyat garovidir. Unga ko’ra, Amerikaga ko’chayotgan muhojirlar ham boshqalar kabi muvaffaqiyatli biznes yuritishi mumkin. Buning uchun inson qattiq mehnat qilishi, real muammolarni hal qiluvchi kompaniya yaratishi, mijozlari hayotini yaxshilashga hissa qo’sha bilishi kerak.

“Tadbirkorlarga maslahatim shuki, bilim va ma’lumot to’plashdan charchamang. Ustozlar va maslahatchilarning bo’lishi muhim. Xayolingizga biror g’oya kelsa, u real muammoga yechim bo’la oladigan g’oya bo’lishi kerak. Odamlarning muammolarini hal qilsa olsangiz, nafaqat rahmat eshitasiz, balki buning uchun pul ham olasiz”, - deydi Bek Abdullayev.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG