Breaking News

Vakillar palatasi yashirin kuzatuv dasturini saqlab qoldi


Kongress quyi palatasida fuqarolar kimga telefon qilib, kimga elektron xat jo’natganini tekshiruvchi dastur taqdiri ovozga qo’yildi.

Kongress Vakillar palatasida fuqarolar kimga telefon qilib, kimga elektron xat jo’natganini tekshiruvchi dastur taqdiri ovozga qo’yildi va qonunchilar loyihani saqlab qolishga qaror qildi.

Jarayon prezident Obama, demokrat va respublikachilar o’rtasida qizg’in tortishuvga sabab bo’ldi. Oq uy bu terrorizmga qarshi kurash uchun zarur desa, liberallar fuqarolarning uzviy huquqlari poymol etilmoqda, deydi.

Michigan shtatidan respublikachi kongressmen Jastin Amash Milliy xavfsizlik agentligining aholi telefon muloqoti va internetdagi ma’lumotlar bazasini tekshirish huquqini cheklaylik deb chiqdi. Terror amaliyotida gumon qilinayotgan odamning shaxsi avval ma’lum qilinsin va shundan keyin uning kim bilan aloqada ekani kuzatilsin, deydi u.

2014-yilgi qariyb 600 milliard dollarlik mudofaa byudjeti loyihasiga kirishi kutilgan 100 tuzatishdan biri shu edi. Natijada Vakillar palatasida shiddatli bahslar qo’zg’alib, xavfsizlik va fuqaroning huquqlari tarafdorlari talashdi. 217 qonunchi bu tuzatishga qarshi ovoz berdi, 205 nafari yoqlab chiqdi.

Respublikachilar hukmron Vakillar palatasining razvedka masalalari bo’yicha qo’mitasi raisi Mayk Rojers nazarida dasturni tugatish AQShni 2001-yilning 11 sentabridan oldingi davrlarga qaytarish bilan barobar. O’tmishda razvedka muhim ma’lumotni ko’zdan qochirishi oqibatida mamlakat al-Qoidaning nishoniga aylandi, deydi u.

Milliy xavfsizlik agentligi sa’y-harakatlari bilan ham Amerika, ham Yevropada 54 hujumning oldini olindi, odamlarning hayoti saqlab qolindi, deya davom etadi u.

Oq uy darhol bayonot chiqarib, quyi palataning mamlakat xavfsizligi uchun zarur programmani tugatish taklifini tanqid qildi. Shu bilan birga, fuqarolarning huquqlari, kundalik, shaxsiy hayotini himoya qilish kabi muammolarni oshkora muhokama qilishga tayyormiz, deyiladi Obamaning murojaatida.

Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden o’tgan oy yashirin bu amaliyot haqida matbuotni xabardor qilib, o’zi xorijga qochib ketdi. Bu xabar dunyoga yoyilib, qattiq tanqid va munozara uyg’otib yubordi.

Taklif Vakillar palatasida o’tgan taqdirda ham Senatda taqiqqa uchrashi, Obama esa unga veto qo’yishi aniq edi. Ammo quyi palatadagi janjal, qarshi va tarafdorlar sonidagi kichik farqdan (12 ovoz) xulosa qilish mumkinki, razvedkaning faoliyati hali uzoq va chuqur tergov qilinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG