Breaking News

Suriyada 25 kishi o’lgan, Rossiya Assad ketishiga qarshi emas


Suriyada hukumatga qarshi namoyishlar va zo’ravonliklar bugun o’nlab odamning yostig’ini quritgan. Dar’o viloyati, deya bildiradi Suriyada inson huquqlarini kuzatuvchi, Britaniyada asoslangan kengash, armiya hujumiga uchrab, kamida 17 kishi o’lgan.


Damashq ahli ham xavfsizlik kuchlari va muxolifat Ozod Suriya armiyasi to’qnashgani haqida aytmoqda. Poytaxt markazida o’q ovozlari quloqqa chalingan.


Faollar so’zlariga ko’ra, isyonkor Hims viloyatida ham qon to’linganini ma’lum qilgan.


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva prezident Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishiga qarshi emas. Biroq bu qaror tashqi bosim emas, suriyaliklar o’rtasida muzokara mahsuli bo’lishi lozim, deydi u.


Rossiya Assad ma’muriyatining yaqin ittifoqchilaridan.


Suriya muxolifati Lavrovning gaplaridan hayron. “Qonxo’r rejim o’z xalqini qirayotgan, ayollar va bolalarni o’ldirayotgan paytda muzokara haqida gapirish mumkinmi? Boshingga qurol o’qtalib turgan odam bilan qanday dialog bo’lishi mumkin?” - deydi oppozitsiyadagilar.


Ayrimlar nazarida Assad hukumatining zolimona harakatlaridan Rossiya tobora xijolatda.


Muxolif guruhlar hozir Turkiyada majlis qilib, yangi rahbar tanlash ustida gaplashmoqda. Hozircha bu lavozimga Abdul Bosit Saida nomzod. Kurd faoli Suriya muxolif kengashining inson huquqlari bo’limini boshqaradi va hozirda surgunda, Shvetsiyada yashaydi. Xolis arbob sifatida ko’rilayotgan Saida liberallar, dindorlar va millatchi guruhlarga birday ma’qul bo’lishi aytiladi.


Suriya muxolif kengashiga nisbatan tanqid shuki, unda Musulmon Birodarlarga xayrixoh sunniylar ustunlik qiladi. Bu esa shia aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda. Kengash butun xalq manfaatlarini birday himoya qilishini aytib, fuqarolik urushi xavfi yuqori bir pallada mustahkam va yakdil ekanini ta’kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG