Breaking News

AQSh Suriyaga gumanitar yordam yetkazish yo'llarini ko'paytirishga chaqirmoqda


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BMT Xavfsizlik Kengashini 13,4 million odam yordamga muhtoj Suriyaga gumanitar yordam yetkazishga xizmat qiluvchi qo’shimcha chegara punktlarini ochishga da’vat etdi.

Xalqaro hayot – 30-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:28 0:00

"Suriyadagi odamlar hayoti favqulodda yordamga bog‘liq. Mana shu yordamni ularga yetkazishning yo’llarini yaratishimiz zarur. Yo’llarni yopish emas, ochish kerak. Ularning yopilishiga sabab bo’layotgan hujumlarni, gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi odamlarni nishonga olishni bas qilish zarur. Gumanitar yordamni siyosiy mavzuga aylantirishni to’xtating”, - dedi Blinken.

Qo’shma Shtatlar bu oy Xavfsizlik Kengashida raislik qilmoqda. Blinken 10 yildan beri davom etayotgan urushni boshdan kechirayotgan Suriyadagi gumanitar vaziyat yuzasidan kengashda har oy o’tadigan oylik munozarada qatnashdi.

Iyul oyida 15 mamlakat a’zoligidagi kengash Turkiyadan Suriyaga gumanitar yordam o’tkazuvchi so’nggi chegara punkti muddatini uzaytirish yoki yopish xususida bir qarorga kelishi kerak. “Bob al Havo” punkti orqali har oy yordam ortilgan mingta yuk mashinasi o’tadi va Suriya hukumati nazorati tashqarisidagi 4 million odamga oziq-ovqat, dori-darmon yetkazadi.

Oxirgi 14 oyda qo’shni davlatlardan Suriyaga gumanitar yordam o’tkazishda xizmat qilgan to’rt chegara punktidan uchtasi yopilib ketdi. Rossiya va Xitoyning Suriya hukumati nomidan Xavfsizlik Kengashida bildirgan e’tirozi sabab ular qayta ochilmadi.

Rossiya “Bob al-Havo” chegara punkti mandatini ham yangilashga qarshi chiqmoqda. Suriya hukumati barcha yordam poytaxt Damashqqa yetkazilib, u yerdan muhtoj aholiga tarqatilishini talab qilmoqda.

Biroq BMT va u bilan hamkorlik qilayotgan gumanitar tashkilotlarning bildirishicha, bunday tizim samarali emas, hukumatga yordam ustidan nazoratni berib qo’yadi.

Bugun BMT va Yevropa Ittifoqi Suriya bo’yicha beshinchi yillik anjuman o‘tkazib, donor davlatlarni Suriyada gumanitar ehtiyojlar uchun 10 milliard dollar xayriya qilishga chaqirdi. Pulning 4,2 milliardi Suriyadagilarga, qolgani esa mamlakat tashqarisidagi suriyalik qochqinlar uchun so’ralmoqda. Yevropa Ittifoqi 657 million dollar ajratishga so'z berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG