Breaking News

Riyod Hijab: Assad Suriyaning 30 foizini nazorat qilmoqda, xolos


Riyod Hijob, Suriya sobiq bosh vaziri.
Riyod Hijob, Suriya sobiq bosh vaziri.
Suriya prezidenti Bashar al-Assaddan yuz o’girib, qochib ketgan bosh vazirning aytishicha, hukumat iqtisodiy, ruhiy va harbiy parokandalik yoqasida. Mamlakatning 30 foizi Assad nazorati ostida xolos, deydi Riyod Hijob.

Oy boshida muxolifat tomoniga o’tganidan beri Riyod Hijob bugun ilk bor Iordaniyada jamoatchilikka ko’rinish bergan. U Assadni “yaratganning dushmani” deb ta’riflaydi. Tuzumga qarshi qo’zg’olonga ixtiyoriy ravishda qo’shildim, boshqa rasmiylarni ham shunga da’vat etaman, deydi u.



AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning tan olishicha, Suriya uzra harbiy havo kampaniyasini boshlash – og’ir masala.

“Mushkul vazifa. Albatta, Amerika har qanday ssenariyni o’yab qo’ygan. Agar Suriya uzra harbiy parvozlarni cheklash mas’uliyati yuklansa, eplashimiz aniq. Lekin ungacha boramizmi? Bu to’g’ri qaror bo’ladimi? Gap ana shunda”, - deydi vazir.

Assadga qarshi kurashayotgan oppozitsiya xalqaro hamjamiyatdan keng ko’lamli harbiy qo’llab-quvvatlov so’rab keladi. Amerika va NATO o’tgan yili Liviyada harbiy amaliyotlar olib borgan edi. Biroq Panetta fikricha, Suriyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Liviyanikidan ancha mukammal.

Vashington Suriya borasida bir necha ehtiyot reja tuzib qo’ygan, deydi u, lekin harbiy kampaniya ustuvor masala emas.

Bu orada, Islomiy Hamkorlik Tashkiloti tashqi ishlar vazirlari bugun Makkada sammit o’tkazmoqda. 57 a’zolik organ Suriyani safdan chetlatishi mumkin ekan, masala Assad ittifoqchisi Eron va muxolifatni yoqlayotgan Saudiya Arabistoni o’rtasida bahsga sabab bo’lishi kutilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik yordami bo’yicha mas’ul rasmiysi Valeri Amos bugun Suriya va Livanga uch kunlik safarini boshlagan. U olovli nuqtalarda qolayotgan tinch aholiga yordamni oshirish yo’llarini muhokama qiladi. Ixtilof millionlab odamning hayotini ostin-ustun qilib yuborgan, fuqarolar qo’shni davlatlarga bosh olib ketmoqda, deydi Amos.

So’nggi hisob-kitoblarga qaraganda, kechagi olishuvlar 50 kishini hayotdan olib ketgan.

BMT kuzatuvchilar guruhi sardori, general Babakar Gayning aytishicha, mamlakatda janglar kun-sayin kuchayib borayapti. Harbiy ham Assad armiyasini, ham isyonchilarni tinch fuqaroga shafqat qilmayotganlikda ayblaydi.

“Suriya armiyasi og’ir qurollarni ayovsiz ishga solayapti, muxolifat esa aholi zich yashovchi manzillarda o’q almashmoqda. Bundan begunoh fuqarolar jabr tortmoqda”, - deydi general.

BMT tinchlikparvar missiyasi xizmat muddati olti kunda tugaydi. Janglar jadallashgani sari mamlakatda qolish xatarli ekani bois kuzatuvchilar soni keskin qisqargan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG