Breaking News

Assad hayitda xalqqa ko’rinish berdi, BMT kuzatuvchilari Suriyadan chiqa boshladi


O’tgan oy Damashqdagi portlashda yaqin safdoshidan ayrilgan Assad shundan beri telekameralar oldida uchinchi bor chiqish qilishi.
O’tgan oy Damashqdagi portlashda yaqin safdoshidan ayrilgan Assad shundan beri telekameralar oldida uchinchi bor chiqish qilishi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilarining xizmat muddati tugab, 300 kishidan iborat missiya Suriyani tark etmoqda. Ular apreldan beri Yaqin Sharqning notinch bu mamlakatida sulh ijrosini kuzatib kelayotgan edi.

BMT Xavfsizlik Kengashi missiya mandatini uzaytirmaslikka va Suriyada tinchlikni tiklash tashabbuslarini kuzatish uchun faqat kichik idora ochishga qaror qilgan.

Suriyadan so'nggi xabarlar, Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:50 0:00
Yuklab oling


BMT va Arab Ligasi maxsus vakili Kofi Annan prezident Bashar al-Assad va isyonchilar o’rtasida vositachilik qilib, bahorda sulhga erishganday edi. Lekin mamlakatga safarbar etilgan xalqaro kuzatuvchilar zo’ravonlik avj olganining guvohi bo’ldi va iyunda ishini vaqtincha to’xtatishga majbur bo’ldi.

Annan oy boshida Suriya borasida yakdillik yo’qligidan, tomonlar qurolni tashlashdan bosh tortayotganidan shikoyat qilib, lavozimidan ketishga qaror qildi. Uning o’rnini jazoirlik diplomat Lahdar Braximiy egalladi.

Bu orada prezident Assad kecha hayit munosabati bilan xalqqa ko’rinish berib, poytaxtdagi masjidda bayram marosimida ishtirok etgan.

Televideniye orqali namoyish etilgan tadbirda, asosan, davlat xizmatchilari qatnashgan. Marosimda favqulodda xavfsizlik choralari ko’rilgan.

O’tgan oy Damashqdagi portlashda yaqin safdoshidan ayrilgan Assad shundan beri telekameralar oldida uchinchi bor chiqish qilishi. Sal oldin u armiyaga yangi qo’mondon va yangi mudofaa vazirini tayinlash munosabati bilan matbuotni to’plagan edi. Kechagi yig’inda, deydi tahlilchilar, Assad asabiy ko’rinib, oldingidan farqli ravishda, aksariyat rasmiylar bilan qo’l berib xayrlashmay, marosimni tark etgan.

Muxolifat bir necha yirik mutasaddi, masalan, vitse-prezident Faruh al-Shara va Baas partiyasi yetakchisi Abdulla Ahmar hayit namozida qatnashmaganini alohida eslatmoqda. Al-Arabiya telekanali sal avval Shara qo’shni Iordaniyaga qochgani haqida xabar bergan edi, lekin Suriya davlat matbuoti buni rad etgan. Faollar da’vosicha, Baas partiyasi rahbari Ahmar mamlakatni tark etishga urinayotib, qamoqqa olingan.

Suriya muftiysi Ahmad Badriddin Hasan xalqni qurolni tashlab, yurtni ortiq qiynamaslikka chorlagan.

“Suriya o’g’lonlari, qon to’kishni bas qiling”, - deya da’vat etdi muftiy. “Musulmon musulmonni qirmoqda. Yevropa yoki Amerikada bunday fojea bo’lganmi? Nega biz, islom ahli, bunday ishga qo’l urayapmiz?” – deya so’raydi peshvo.

Internetda Hims yaqinida, Rastan shahrida kechagi olishuvlar tasvirlangan videolar joylangan. Muxolifat ta’kidiga ko’ra, hayit bo’lishiga qaramasdan, armiya shahardagi qabristonda yig’ilgan odamlarni nishonga olishdan to’xtamagan. Bu da’voni tasdiqlash yoki inkor etish mumkin emas, chunki xorij matbuoti hududga kiritilmaydi.

Arab matbuoti qo’zg’olonchilar qarorgohi hisoblangan Halab shahridagi masjidda to’plangan va “ozodlik” deya hayqirgan odamlarni ko’rsatmoqda. Ayrim manbalarga ko’ra, diniy ayyom paytida ham shaharda otishmalar davom etgan.

Davlat televideniyesi esa Oliy ta’lim vaziri Muhammad Yahyo al-A’loning Damashqdagi kasalxonaga tashrifini yoritgan. Uning aytishicha, Suriyadagi tibbiy dargohlar bemorlarni qabul qilishga shay, jihozlar va ta’minot talabga javob beradi. Huquq tashkilotlari va BMT hukumatni kasalxonalarni bombardimon qilayotganlikda ayblab, tanqid qilib kelayotgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG