Breaking News

Rossiya va Turkiya Suriyada yangi sulh kelishuvi haqida ma'lum qildi


Rossiya, Eron va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Moskvada Suriya yuzasidan muloqot qilmoqda, 20-dekabr, 2016-yil
Rossiya, Eron va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Moskvada Suriya yuzasidan muloqot qilmoqda, 20-dekabr, 2016-yil

Suriya hukumati va muxolif isyonchi guruhlar Rossiya va Turkiya vositachiligida sulhga kelishib oldi. Bitim juma kundan boshlab kuchga kiradi. “Islomiy davlat” va al-Qoidaga aloqador jangari guruhlar bundan mustasno.

Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo’llab-quvvatlovchi Rossiya va Assadga qarshi kurashayotgan guruhlarga madad berayotgan Turkiya sulh kafolatchilari sifatida ham o’rtaga tushdi.

Qurolli to’qnashuv barham topsa, hukumat va muxolifat a’zolari mojaroga siyosiy yechim topish maqsadida kelasi oy Qozog’iston poytaxti Ostonada Rossiya, Eron va Turkiya diplomatlari vositachiligida tinchlik muzokaralarini jonlantirishi mumkin.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sulh kelishuvi mo’rt ekanini aytdi, biroq hukumat ham, qurolli muxolifatning asosiy qismi ham uni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Suriya Milliy koalitsiyasi sulh shartlarini bajaramiz, lekin hujum qilishsa, jim turmaymiz, javob beramiz, dedi.

Bir necha isyonchi guruhlardan iborat “Ozod Suriya armiyasi”ga ko’ra, sulh suriyalik kurd bo’linmalariga nisbatan ham amal qilmaydi.

"Kelishuv muxolifat va tuzum o’rtasida imzolangan”, - deydi guruh vakili Osama Abu Zaid.

Bungacha uch marotaba sulhga kelishilgan. Oxirgisi sentabrda edi, o’shanda bir haftadan so’ng janglar davom etgan.

Ba’zilar bu safargi sulh ham uzoqqa cho’zilmasligi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Dekabr boshida Moskva va Anqara vositachiligida hukumat kuchlari tomonidan qo’lga olingan Halabning sharqiy qismidan minglab isyonchilar va oilalari evakuatsiya qilindi. O’tgan hafta Turkiya, Eron va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Moskvada uchrashib, Suriya mavzusida gaplashdi.

Rossiya va Turkiya Suriya mojarosida qarama-qarshi tomonlarni qo’llab-quvvatlasa-da, mojaroni hal etishda bir-birining ahamiyatini tan olib, kelishib ishlashga o’rgandi, deydi ayrim tahlilchilar.

“Agar hozir kelishilgan sulh ish bersa, Suriya bo’yicha ulkan diplomatik yutuq bo’lardi”, - deydi turkiyalik jurnalist Semih Idiz.

Anqara va Moskva terrorchilar nishonga olinishda davom etadi, demoqda, biroq aynan qaysi guruhlarning terrorchi ekani bo’yicha qarashlar turlicha. Masalan, Bashar Assad hukumatga qarshi qurol ko’targan barcha guruhlarni terrochi deb ataydi, Rossiya ham deyarli shunday. Turkiya esa qurolli kurd bo’linmalariga terrorchi sifatida qaraydi.

Bundan tashqari, Rossiya va Turkiya Assad kelajagiga ham har xil yondashadi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Assad bor joyda siyosiy o’zgarish bo’lmaydi, muxolifat uni qabul qilmaydi, uning atrofida birlashmaydi, dedi.

Kreml esa buni barcha suriyaliklar hal qilsin, deb keladi. Assad keyingi saylovlarda ham qatnashish ehtimolini aytib o’tgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Suriyada asosiy vazifa Assaddan qutulish emas, terrorizmni mag’lub etish bo’lishi kerak.

Putin sulh ish bersa, Suriyada harbiy salohiyatimizni qisqartiramiz, dedi.

Qo’shma Shtatlar Ostonada bo’lishi kutilayotgan muzokaralarda qatnashmaydi. Biroq Lavrov Donald Tramp kelasi oy prezidentlikka kirishishi bilan AQSh jarayonga qo’shilishi mumkin, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG