Rossiya vositachiligida Qozog'istonda yana bir muzokara boshlanar ekan, Suriya rahbari Bashar al-Assad mamlakat janubida muxolif kuchlarga qarshi hujumlarni to'xtatgan.
Biroq vaziyatni kuzatib turganlarga ko'ra, bu - Damashqdan yana bir safsata; aslida urush davom etmoqda. Armiya turli bombalarni aholi ustiga yog'dirish bilan ovora. Daraa va boshqa shaharlarda vaziyat juda og'ir, deydi guvohlar.
Muxolifat muzokaraga o'z vakillarini yubormagan. Sabab oddiy, deydi isyonchi tomon, Damashq baribir so'zida turmaydi. Suriya hukumati esa oppozitsiyani va'dabozlik va subutsizlikda ayblaydi.
Qozog'istonda hamda BMT homiyligida Jenevada kechgan muzokaralar shu kungacha samara bergani yo'q. May oyida erishilgan sulh tezda buzildi. Hech kim javobgarlikka tutilmadi.
Daraa ayni damda Suriya armiyasi nishonida. Assad hukumati bu yerda joylashib olgan isyonchi guruhlari Iordaniya bilan aloqadan ayirmoqchi. Daraa chegaradagi shahar va qo'shni Iordaniya orqali yordam keladi.
Armiya e'lon qilishicha, 2-iyulgan 6-iyulgacha biror amaliyot amalga oshirilmaydi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish fransuz huquqshunosi Ketrin Marshi-Uelni Suriyada sodir etilgan va etilayotgan urush jinoyatlarini va insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qiluvchi hay'atga rahbar etib tayinlagan.
Marshi-Uel xonim shu kungacha "Islomiy davlat" va al-Qoidaga qarshi qo'yilgan sanksiyalar amaliyotini nazorat qiluvchi qo'mita ombudmeni edi.
U oldin vatani Fransiyada sudyalik qilgan. Kosovo va Kambodja bo'yicha xalqaro sudyalardan biri bo'lgan. Boshqa yuqori lavozimlarda ham ishlagan.
BMT hisobicha, Suriyada 2011-yilda boshlangan urushda shu kungacha 320 ming odam o'lgan. Qiynoqlar, qatliomlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, shuningdek, urush jinoyatlari keng kuzatilgan va bu borada ma'lumotlar oqimi tinmaydi.
Facebook Forum