Breaking News

Fransiyada Suriya bo'yicha xalqaro muloqot o'tkaziladi


Suriya armiyasi, Damashq
Suriya armiyasi, Damashq

Fransiya AQSh, Yevropa Ittifoqi, Iordaniya va Turkiya diplomatlari ishtirokida Suriya bo'yicha muloqotga mezbonlik qiladi. Suriya hukumatining ittifoqchilari Rossiya va Eron unga taklif etilmagan.

Uchrashuv cho'gida "Islomiy davlat"ga qarshi kurash, aholini himoya qilish, BMT Xavfsizlik Kengashiga yangi rezolyutsiya tayyorlash xususida gap ketadi. Fransiya hujjat matni ustida ishlamoqda. Unda Suriya Prezidenti Bashar Assaddan aholiga qarshi bochkali bomba ishlatishni bas qilish so'raladi.

AQSh delegatsiyasiga davlat kotibining o'rinbosari Entoni Blinken rahbarlik qiladi. O'tgan hafta Venada AQSh, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Turkiya tashqi ishlar vazirlari ham Suriya bo'yicha gaplashgan.

Bu o'rtada Rossiya Suriyada havodan nishonlarni urishda davom etmoqda. G'arb matbuotiga ko'ra, so'nggi kunlarda bir necha kasalxona nishonga olingan, tinch aholi orasida qurbonlar bor. Bugun AQSh, Britaniya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Italiya va Turkiya harbiy attashelari Rossiya Mudofaa vazirligiga taklif etilib, ulardan buni tasdiqlovchi dalillar keltirish so'ralgan.

G'arb Rossiyani Suriyada "Islomiy davlat" emas, mo'tadil muxolifatni nishonga olayotganlikda ayblab keladi. Turkiya esa kurd jangchilarini islomiy jangarilardan kattaroq xavf deb biladi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, armiya suriyalik kurdlarga artilleriyadan hujum qilgan. Anqara Demokratik ittifoq partiyasini Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador deb biladi. PKK AQSh, Yevropa va Turkiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan.

Suriya kurdlari so’nggi haftalarda “Islomiy davlat”ga jiddiy zarba berib, Turkiya chegarasi yaqinidagi bir necha hududlarni egallagan. Anqara kurdlar chegaraga yaqinlashsa, keskin chora ko’rishi haqida ogohlantirgan.

Aytish joiz, AQSh va Rossiya suriyalik kurdlarni qo’llab-quvvatlaydi.

XS
SM
MD
LG