Breaking News

Human Rights Watch: Suriya armiyasi erkak, ayol, bolalar nomusiga tegmoqda


Prezident Assadga qarshi isyon boshlanganiga bir yildan oshdi.
Prezident Assadga qarshi isyon boshlanganiga bir yildan oshdi.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining bildirishicha, Suriyada armiya prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon davomida qo’lga tushgan fuqarolarni zo’rlamoqda, nomusiga tegmoqda.

Askarlar va hukumatga xayrixoh guruhlar erkak, ayol va yosh bolalarni birday tahqirlamoqda, deyiladi Nyu-Yorkda asoslangan tashkilotning bugungi bayonotida.

Human Rights Watch hisoboti 2011-yilning martidan joriy yil martigacha bo’lgan davrni o’z ichiga olib, unda sobiq mahbuslar ko’rsatmasi keltiriladi. Aksariyat zo’ravonliklar muxolifat qarorgohi sanalmish Hims viloyatida qayd etilgan.

Suriya qamoqxonalarida ro’y berayotgan qonunbuzarliklar haqida to’liq ma’lumot yo’q, deydi tashkilot mutaxassislari.

Harbiy qo’mondonlar askarlarga jinoyat uchun yo’l ochib bergan, deyish uchun dalil yo’q, lekin mudhish qilmishlar tergov qilinmay qolib ketmoqda, deydi Human Rights Watch.

AQShning ayblashicha, Rossiya Suriyaga yangi harbiy vertolyotlarni yetazib, qonli to’qnashuvlarni yanada alanga oldirmoqda.

Kreml bu da’voni inkor etgan va bir necha yil oldin va’da qilingan vertolyotlarni remontdan chiqardik, xolos, deydi.

Huquq faollarining aytishicha, bugun Hims, Aleppo, Duma va Damashqda xavfsizlik kuchlari oppozitsiya bilan olishmoqda.

Bir kishi halok bo’lgan, deya bildiradi Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlarini kuzatuvchi kengash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG